Karim Bahriyev: “Haqiqatni yozing va hech kim sizni sudga bera olmasin”

Farg‘ona viloyati hokimligi va O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida “Chimyon” sihatgohida tashkil etilgan media-forum davom etmoqda.

Ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, respublika ommaviy axborot vositalari bosh muharrirlari, mamlakat va xorijiy axborot agentliklari vakillari, taniqli jurnalistlar ishtirokida o‘tkazilayotgan mahorat darslari, amaliy mashg‘ulotlar rasmiyatchilikdan xoli, bahs-munozaralar ostida kechyapti.

Samarqand viloyati “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari birlashgan tahririyati bosh muharriri, senator Farmon Toshev bosma nashrlarning jamiyat hayotidagi o‘rni xususida so‘z yuritib, ijodiy jamoalar oldida katta mas’uliyat borligini ta’kidladi. Adliya vazirligi mediamarkazi rahbari Bobur Alixonov hozirgi zamon media landshaftdagi o‘zgarishlar, rivojlantirish tendensiyalari va vazifalar xususida gapirdi.

– Bugun mediakonvergensiya muhim, – deydi u. – Matbuot sohasida faqatgina gazeta chiqarish bilan cheklanib qolish kerak emas. Gazetaning saytini yaratish, ijtimoiy tarmoqlar orqali faol axborot uzatish, televideomahsulotlar yaratish, ya’ni mavjud barcha vositalardan unumli foydalanish zarur. Gazeta tahririyatlarida ijtimoiy tarmoqlardan farqli salohiyatli jurnalist kadrlar bor. Faktlar bilan cheklanib qolmay sharh janri, tahliliy janrlardagi materiallarni ko‘paytirish zarur. Jamiyat uchun iqtisodiy, huquqiy va boshqa yo‘nalishlardagi sharhlar har doimgidan ham zarur. Axborot berish bilan birga faktlar mohiyatini ochib berishga e’tibor qaratish, barcha sohalarning kuchli ekspertlariga suyanish ham maqsadga muvofiqdir. Shundagina jurnalistga jamiyatda ehtiyoj bo‘ladi.

Mediaforumda taniqli jurnalist, O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti o‘qituvchisi Karim Bahriyev jurnalistlarning qonunchilikdan xabardorligi, xalqaro huquq, kasb axloqi, kodekslar amaliyoti va ijtimoiy mas’uliyat borasida so‘z yuritdi.

– Jurnalistlar faoliyatini tartibga soluvchi bir qator qonunlar bor, ammo ular hech qachon bu qonunlar uchun sudlanmaydi, – deydi Karim Bahriyev. –Jinoyat kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga ko‘ra javobgar bo‘ladi. Shu bois ommaviy axborot vositalari xodimlari barcha qonunchilik normalarini, xususan, xalqaro huquqni yaxshi bilishlari kerak. Huquqiy bilim va malaka ish jarayonida juda zarur. Haqiqatni yozing va hech kim sizni sudga bera olmasin. Mediaforumda bu boradagi jurnalistlarning mahorati bilan o‘rtoqlashdik.

O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi favqulodda va muxtor elchisi Muhsinxo‘ja Abdurahmonov hamda "TOKIO MX" telekompaniyasi xalqaro aloqalar boshqarmasi boshlig‘i Nobuyoshi Shirota ishtirokida vebinar-trening esa barchada katta qiziqish uyg‘otdi. Xorijlik jurnalist kunchiqar yurtdagi ommaviy axborot vositalarida xolislik me’yorlari borasida atroflicha ma’lumotlar berdi. Nobuyoshi Shirotaning ta’kidlashicha, Yaponiya mediasi ham besh turga bo‘linadi: gazeta, radio, televideniye, jurnal va elektron jurnalistika. Ommaviy axborot vositalari orasida gazetalar eng ommabop hisoblanib, kuchli ta’sirga ega ekan. 1990 yildan "internet erasi" boshlangan bo‘lsa-da gazeta va radio tahlil kuchiga egaligi bois yetakchilikni qo‘ldan boy bergani yo‘q.

Videomuloqot so‘ngida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi raisi Muhammadjon Obidov yaponiyalik to‘rt nafar jurnalistni tajriba almashish maqsadida O‘zbekistonga taklif etdi.