“Kasbga xiyonat” yoki oliy ta’lim qachon korrupsiyasiz sohaga aylanadi?

“Keyingi ikki yil davomida oliy ta’lim tizimida 326 nafar xodim ta’lim jarayoni bilan bog‘liq jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilgan, ularning 220 nafari kollej va litseylarga, 106 nafari oliy o‘quv yurtlariga to‘g‘ri keladi.

Institut va universitetlarning jinoyat sodir etgan xodimlaridan  3 nafarini rektorlar, 5 nafarini prorektorlar, 15 nafarini dekan va dekan o‘rinbosarlari, 62 nafarini o‘qituvchilar tashkil etadi.

Kollej va litseylarda esa 34 nafar direktor, 31 nafar direktor o‘rinbosari, 94 nafar o‘qituvchi jinoyatga qo‘l urgan”.

Mazkur statistik ma’lumotlardan  bugun barchamiz xabardormiz.

18 yanvar kuni Respublika Bosh prokurori N.Yo‘ldoshev tomonidan jamoatchilikka oshkor etilgan bu raqamlar ta’lim tizimida, qolaversa, oliy ta’limda korrupsiyaga qarshi kurash borasidagi ishlar samarali tashkil etilmayotganini anglatadi.

Samarqand veterinariya meditsinasi instituti va Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi hamkorlikda tashkil etilgan ma’rifiy uchrashuvda bu vaziyat tahlil qilindi. Boshqarma mas’ul xodimi Ulug‘bek Eraliyevning ma’ruzasida keltirilishicha, endilikda korrupsiyaga qarshi kurash borasidagi ishlar yangicha va tizimli olib boriladi. Respublika Hukumati, shaxsan Prezident tomonidan oliy ta’lim tizimiga qaratilayotgan alohida e’tibor, professor-o‘qituvchilarning oylik maoshlari oshirilishi, ularni yetarlicha ish sharoitlari bilan ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar tizimdan bu illatni butunlay yo‘qotish borasidagi harakatlarimizga ijobiy ta’sir qilishi lozim, dedi mas’ul xodim.

Darhaqiqat, bugun oliy ta’limni “korrupsiyasiz soha”ga aylantirish borasida OTMda targ‘ibot tadbirlari muntazam tashkil etilmoqda. Kirish imtihonlari ikki yildan beri shaffof, ochiq, qolaversa, onlayn tarzda o‘tkaziladi.

Endilikda o‘qish jarayonida topshiriladigan turli sinovlar, talabalarning bitiruv malakaviy ishi yoki magistrlik dissertatsiyasini tayyorlash va himoya qilish, magistraturaga qabul, shuningdek, talabalarning o‘qish joyini ko‘chirish, o‘qish yo‘nalishini o‘zgartirish hamda o‘qishga qayta tiklashda kuzatilayotgan salbiy xatti-harakatlarga chek qo‘yilishi lozim.

Uchrashuvda “Kasbga xiyonat”, deb nomlangan hujjatli film namoyish etildi. Filmda shu kecha-kunduzda OTMda yuz berayotgan korrupsiya holatlari aks ettirilgan.

Gulchehra BERDIYoROVA.