Kattayev va boshqa hammualliflardan kattagina tuhfa: Samarqand – buyuk allomalar yurti
Buyuk ajdodlarimiz qalamiga mansub asarlar jamlangan “Qadimiy kitoblar tarjimasi” to‘plami Imom Nasafiyning “Al-qand fi tarixi Samarqand”, Maxdum A’zam Dahbediyning “Risolai Boburiya”, “Risolai tanbiyat us-salotin”, Yassaviya-jahriya tariqati murshidi Olim Shayx Azizonning Yassaviy tariqati haqidagi mashhur asari “Lamahot min nafahotul-quds” va “Aqidai islomiyai Moturidiya” kabi besh kitobdan tashkil topgan bo‘lib, to‘plam mualliflar Komilxon Kattayev va Gulnoza Kattayevalar tomonidan xalqaro va respublika ilmiy-amaliy anjumanlar munosabati bilan tarjima qilinib chop etildi.
“Al-qand fi tarixiy Samarqand” asari Samarqand tarixi to‘g‘risida bizgacha yetib kelgan asarlarning eng qadimiylaridan bo‘lib, Shohizinda – Qusam ibn Abbos, Moturidiy, Marg‘inoniy, Hamadoniy, Sog‘arjiy, Abdi Darun kabi buyuk allomalar hamda ular dafn etilgan qabristonlar tarixi xususida ma’lumot beradi. “Risolai Boburiya” kitobi esa buyuk sarkarda va shoir Bobur Mirzoning piru murshidi Maxdumi A’zam tomonidan yozilgan risola bo‘lib, unda turli tariqatlarda amalga oshiriladigan zikr masalasi haqida mushohada yuritilgan.
U kishining boshqa bir asari “Tanbiyatus-salotin” ham sultonlarga pandu nasihatlardan iborat bo‘lib, ularni xalq manfaati yo‘lida xizmat qilishga bag‘ishlangan. “Lamahot min nafahotul-quds” asari esa Yassaviy tariqati zikri hamda mashhur allomalar zikriga atalgan. “Aqidai islomiyai Moturidiya” ahli sunna va jamoa aqidasini tiklagan hamda kalom ilmi, “Moturidiya” raviyasining asoschisi yurtoshimiz Imom Moturidiyning aqidalari asosida Munavvar Qori tomonidan tuzilgan “Aqidai islomiya” kitobining tarjimasi bo‘lib, unda barcha musulmonlar bilishi lozim bo‘lgan eng asosiy aqidalar jamlangan. O‘z davrida Imom Moturidiy islom aqidalariga oid “At-Tavhid”, “At-ta’viloti ahli sunna” asarlari orqali islom yurtlarida avj olgan aqidachilik va firqachilik urushlarining oldini olgan edi. Ushbu risola Imomning yuqorida nomlari keltirilgan ikki asari asosidagi aqidalar jamlanmasidir.
Ushbu to‘plam tariqatlar tarixi bilan shug‘ullanuvchi mutaxassis va tadqiqotchilar hamda barcha kitobxonlar ommasiga mo‘ljallanganligi bilan ahamiyatlidir.
Yuqoridagi nashr mualliflarining yana bir diqqatga sazovor ishlari “Buyuk huquqshunos allomalar” to‘plami bo‘lib, bu jamlanmaga kiritilgan kitoblar islom tarixidagi ilk ilm-fan yo‘nalishlari hisoblangan fiqh, tafsir, hadis va kalom ilmlarining yurtimizda yetishib chiqqan buyuk allomalar tomonidan rivojlantirilishi, asoslanishi va shakllanishi tarixiga bag‘ishlangan.
Asar hadisshunoslik ilmining buyuk asoschilari Imom Buxoriy va Imom Doramiy, kalom ilmi asoschisi Imom Moturidiy, hikmat ilmi asoschisi Abulqosim Samarqandiy, fiqhshunoslik ilmining buyuk olimlari Imom Rastug‘foniy, Imom Abu Laysiy, Imom Ali Sug‘diy, Imom Halvoiy, Imom Abu Mu’in Nasafiy, Imom Burhoniddin Marg‘inoniy kabi allomalar tarixi manbalar asosida yoritilgan.
Ma’lumki, Sayyid Ota Yassaviya-jahriya tariqatining buyuk piru murshidlaridan biri bo‘lgan. U haqida yurtimizda bir turkum risolalar e’lon qilingan bo‘lib, “Sayyid Ota va Yassaviy tariqati murshidlari tarixi” nomli risola esa shu haqdagi ilk monografik tadqiqotlardan biridir. Risola davlat va shaxsiy arxivlarda mavjud manbalardan foydalangan holda Komilxon Kattayev tomonidan yozilgan.
Ushbu kitoblarning barchasi Toshkent shahridagi “Qaqnus” nashriyotida chop etilgan.
Samarqand tarixi haqida tarixchilar turli davrlarda ko‘plab kitoblar bitishgan. Shaharning vujudga kelishi va Samarqand nomining kelib chiqishi haqida tarixiy asarlarda turlicha taxminlar aytilgan. Xususan, bu haqda bizgacha yetib kelgan ishonchli manbalardan biri Abu Xofs Najmiddin Umar an-Nasafiy as-Samarqandiyning “Qandiya” asaridir. Ushbu risolani Abul Hakimi Samarqandiy qadimiy nusxalardan jamlagan holda 1908 yilda Samarqandda chop ettirgan. Uning bugungi fors tilidan tarjima nashri Komilxon Kattayev tomonidan qo‘shimcha tadqiqot, izoh va lug‘atlar bilan to‘ldirilgan holda Samarqanddagi “Sug‘diyona” nashriyotida chop etildi.
Kitobda Shohizinda, Xo‘ja Abdi Darun, Yusuf Hamadoniy, Xoja Abduxoliq G‘ijduvoniy, Shayx Nuriddin Basir, Shayx Burhoniddin Sog‘arjiy, Amir Temur kabi Samarqandda yashagan yoki shu yerda faoliyat yuritgan allomalar tarixi bayon etilgan.
O‘tmish buyuk allomalarning aksariyati Samarqand shahri va undagi Chokardiza qabristonida dafn etilgan, ayrimlari esa viloyatimizning turli joylarida so‘nggi manzilida qo‘nim topgan. Dunyo miqyosida eng ulug‘ olimlarni “eng buyuk imomlar”, deyish joiz bo‘lib, ular merosini dunyo ilm ahli tizimli asosda o‘rganmoqda. Ushbu buyuk zotlarning so‘nggi manzili Samarqand zaminidadir.
“Yurtimizning o‘ta buyuk allomalari, Imom Ali Sug‘diy va Kumushkent tarixi” nomli risolada buyuk huquqshunos, faqeh Hanafiya mazhabi rayosati raisi, ruknul islom (islom ustuni) Imom Ali Sug‘diy as-Samarqandiyning tarixiga bag‘ishlangan monografik asardir.
Asarda ko‘pchilik ilm ahliga noma’lum bo‘lgan allomaning hayoti va faoliyati, asosan u kishining qabrjoylari manbalar asosida tadqiq etishga qaratilgan. Risola Komilxon Kattayev tomonidan allomaning 950 yilligiga bag‘ishlab Toshkent shahridagi “Navro‘z” nashriyotida chop etildi.
Tarixdan ma’lumki, mutafakkir shoir, temuriyzoda Zahiriddin Muhammad Bobur zamondoshi, Naqshbandiya tariqatining buyuk nazariyotchi olimi Mahdumi A’zam Dahbediyni o‘ziga pir bilgan. Ular o‘rtasidagi ilmiy yozishmalar natijasida keyinchalik katta bir ilmiy asarlar vujudga kelgan. Xususan, Mahdumi A’zam Boburmirzoga atab “Risolai Boburiyya” asarini bitgan. Ushbu risola o‘z davrida Naqshbandiya va Yassaviya tariqatlariga doir dolzarb masalalarni o‘rganishda katta ahamiyat kasb etgan. Risola Bobur va uning falsafiy fikrlarini o‘rganishda ham qimmatga ega. Ushbu asarni forsiydan tarjimasi Komilxon Kattayev va Mahmud Hasaniy hammuallifligida nashrga tayyorlandi. Ushbu kitob ham “Navro‘z” nashriyotida bosmadan chiqdi.
Yuqorida nomlari sanab o‘tilgan to‘plam va monografiyalar va ularda tadqiq etilgan mavzu hamda manbalardan ko‘rinib turibdiki, mualliflar ushbu kitoblarni nashrga tayyorlashda salmoqli mehnat qilgan. Xususan, Samarqandning eng buyuk allomalari hayoti va faoliyati hamda ularning so‘nggi manzillarini aniqlashda ishonchli manbalardan foydalangani diqqatga sazovor.
Muallifning ham zahmatli, ham sharafli bu tadqiqotlaridan “Zarafshon” gazetasi mushtariylari biroz bo‘lsa-da xabardor, albatta. “Yurtimizning o‘ta buyuk allomalari, Imom Ali Sug‘diy va Kumushkent tarixi” kitobidan o‘rin olgan allomalar hayoti va faoliyati bo‘yicha tadqiqotlar gazetamizning qator sonlarida chop qilingan edi.
Umid qilamizki, buyuk ajdodlarimizning qoldirgan ma’naviy merosini shu paytgacha noma’lum bo‘lgan sahifalarini ochishda Komilxon Kattayev va boshqa hammualliflarning izlanishlari buyuk merosimizni tanishimizda asqotadi. Qolaversa, tariximizning bu kabi eng muhim qismini o‘rganishga bel bog‘lagan yosh tadqiqotchilarga qimmatli manba bo‘lib xizmat qiladi.
Sulaymon MARDIYeV.