Kattaqo‘rg‘on tumani yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi mutasaddilari ma’muriy javobgarlikka tortildi

Fuqaro I.Mizomovning tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi tomonidan u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini g‘ayriqonuniy bekor qilganligi hamda to‘liq hisob-kitob qilinmaganligidan norozi bo‘lib yo‘llagan murojaati o‘rganib chiqildi.

Aniqlanishicha, I.Mizomov tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasining 2018 yil 30 maydagi buyrug‘i bilan katok haydovchisi vazifasiga ishga qabul qilingan. Rahbar bilan kelib chiqqan kelishmovchiliklar sababli 2020 yil 16 mart kuni arizasiga asosan egallab turgan vazifasidan ozod etilgan.

Murojaat bo‘yicha tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasidan hujjatlar chaqirib olib o‘rganildi. Fuqaro I.Mizomov bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishda Mehnat kodeksi talablariga rioya qilinmaganligi, ya’ni vazifasidan ozod etish haqidagi buyruqdan nusxa xodimga berilmaganligi va mehnat daftarchasi qaytarilmaganligi aniqlandi.

Bundan tashqari, fuqaro I.Mizomovga foydalanilmagan yillik ta’til kompensatsiyasi hamda qolib ketgan ish haqlari uchun 4 million 226 ming 708 so‘m to‘lab berilmaganligi aniqlandi.

O‘rganish yakunlari bo‘yicha fuqaro I.Mizomovga to‘lab berilmagan ish haqi va kompensatsiya to‘liq undirib berildi. Mehnat qonunchiligiga rioya qilmagan korxona mas’ul xodimlari ma’muriy jarimaga tortildi.

O‘.HAKIMOV,

Kattaqo‘rg‘on tumani adliya bo‘limi boshlig‘i.