Kattaqo‘rg‘onda 1000 nafardan ortiq tadbirkor faoliyat yuritmoqda

Kuni kecha davlatimiz rahbari viloyatimizga tashrif buyurib, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi hamda viloyatda turizmni rivojlantirish, tadbirkorlik va ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni qayta ishlash masalalariga alohida e’tibor qaratdi.

Shu yo‘nalishlar mohiyatidan kelib chiqib respublika  Davlat soliq qo‘mitasi raisi Bekzod Musayev  amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami bilan tanishish, tumanda tadbirkorlik sohasiga yanada kengroq imkoniyatlar berishni maqbullashtirish maqsadida Kattaqo‘rg‘on tumaniga tashrif buyurdi. Unda tuman hokimi A’zamxon Baxramov so‘zga chiqib, tadbirkorlikni rivojlantirish yuzasidan tumanda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamdagi ishlar yuzasidan ma’lumot berdi. Davlat soliq qo‘mitasi raisi tuman hokimi va tadbirkorlik sohasi vakillari hamrohligida tumanda tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida kichik korxonlar, kichik sanoat zonalariga tashrif buyurdilar. Yangi zamonaviy loyihalar bilan tanishib o‘zining zarur taklif va tavsiyalarini berdi. Tuman faollari hududda yaratilayotgan qulay ishbilarmonlik muhiti sabab hozirda 1000 dan ortiq tadbirkor faoliyat olib borayotgan bo‘lsa, hukumatimiz tomonidan berilayotgan imkoniyat va imtiyozlarga javoban kelgusida tadbirkorlik sub’yektlari sonini 3000 taga yetkazishga va’da berdilar.