Kattaqo‘rg‘onda bank xodimlari koronavirusga chalingani bois mijozlarga o‘z vaqtida xizmat ko‘rsatilmagan

Ijtimoiy tarmoqlarda Xalq bankining Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on filialida mijozlar ko‘plab yig‘ilgani, ushbu mijozlar chet eldan yaqinlari yuborgan pullarni olish uchun navbat kutayotgani aytilgan videolavhali post e’lon qilindi.

Mazkur holat bo‘yicha Xalq banki tomonidan o‘rganish olib borilganda quyidagilar ma’lum bo‘ldi.

Haqiqatdan ham 29 iyul kuni Xalq bankining Kattaqo‘rg‘on filialida mijozlar biroz ko‘paygan. Filialdagi chakana xizmat xodimlarining ikki nafarida koronavirus infeksiyasi aniqlanganligi sababli ular ishga jalb qilinmagan. Buning natijasida uzun navbatlar yuzaga kelgan. Ammo qo‘shimcha xodimlar jalb qilinib, holat 11:00 da bartaraf etilgan.

Filialda karantin qoidalariga to‘liq amal qilinib, mijozlarning niqobda bo‘lishi va oraliq masofani saqlashi bo‘yicha xodimlar tomonidan muntazam ogohlantirish berilmoqda.