Kattaqo‘rg‘onda elektr muammosi qanday hal etilyapti?

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Samarqand hududiy filiali tomonidan viloyat va respublika OAV xodimlari uchun Kattaqo‘rg‘on tumanidagi "Qoradaryo elektr tarmoqlari" korxonasiga press-tur tashkil etildi.

Bugungi kunda ushbu korxona tumanning 65 mingdan ziyod iste’molchilarini elektr energiyasi bilan ta’minlab keladi. Shundan 62,5 mingtasini aholi xonadonlari tashkil etadi. Iste’molchilarning 95 foiziga ASKUE hisoblagichlari o‘rnatilgan.

Press-turda joriy yilning o‘tgan davrida tumanda elektr ta’minotini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumotlar berildi.

Tuman bo‘yicha 1906 kilometr masofadagi 0,4/6/10 kV havo elektr uzatish tarmog‘ining 212,7 kilometri mukammal, 416,7 kilometr elektr uzatish tarmoqlari joriy, shuningdek, 243 dona transformator punktlari joriy va mukammal ta’mirlandi.

Mavsum arafasida Qirg‘iz mahallasida 2 ta transformator, 100 ta temir beton ustunlari o‘rnatilib, 2,67 kilometr SIP-2, 1460 metr SIP-4 yopiq kabellari tortildi. Shuningdek, Mundiyon, Mullako‘rpa, Qumoq, Nayman va Yangiqiyot mahallalarida 5 ta transformator punkti va 282 ta beton ustunlari o‘rnatilib, 16 kilometr SIP-2 va 1,73 kilometr AS-50 markali havo elektr uzatish tarmog‘i yangidan tortildi.

Vazirlar Mahkamasining 435-sonli qarori bo‘yicha Sebiston, Zarqo‘rg‘on mahallalarida 4 dona 100 kVA transformator punkti, 198 ta beton ustunlar o‘rnatildi. 6,5 kilometr AS-50 tarmog‘i tortildi. 3 ta nimstansiyaga qo‘shimcha jami 10.300 kVA ziyod quvvatdagi transformatorlar orqali iste’molchilar elektr energiyasi bilan ta’minlamoqda.

Press-tur ishtirokchilari Cho‘yanchi mahallasidagi korxona ishchilari tomonidan beton-ustunlar o‘rnatish va yopiq kabellar tortish jarayoni bilan tanishdi. Mazkur qishloqda 100 kVAlik yangi transformator va 56 ta beton ustunlar o‘rnatildi. Yana 30 ta ustun yil yakunigacha o‘rnatiladi.
Kuz-qish mavsumida avariya holatlarini bartaraf etish uchun 3 ta tezkor brigada va tungi navbatchilik tashkil etilgan. 

Dilmurod TO‘XTAYeV.