Kattaqo‘rg‘onda er o‘g‘lini ko‘rsatmaganligi sababli xotinini o‘ldirdi
2020 yil 20 fevral kuni Kattaqo‘rg‘on tumanida yashovchi K.H. o‘zaro oilaviy kelishmovchilik tufayli Kattaqo‘rg‘on shahrida, otasining uyida yashab kelayotgan turmush o‘rtog‘i B.M.ning oldiga mast holatda borib, o‘g‘lini ko‘rsatmaganligi sababli o‘zaro janjallashgan.
Janjal davomida K.H. o‘zi bilan olib kelgan oshxona pichog‘i bilan turmush o‘rtog‘i B.M.ning ko‘krak, yelka va qorin sohalariga jarohat yetkazgan vaqtida, janjal ovozini eshitib, ularni ajratish uchun kelgan qaynotasi I.M.ni ham pichoq bilan ko‘krak, qorin va yelka sohalariga jarohat yetkazgan paytida I.M.ning qo‘shnilari voqea joyiga kelganlarini ko‘rib, o‘zining jinoiy harakatlarini oxiriga yetkaza olmasdan voqea joyidan qochib ketgan.
B.M. va I.M. shifoxonaga olib borilib, ularga tibbiy yordam ko‘rsatilganligiga qaramasdan, B.M. olgan tan jarohatlari oqibatida vafot etgan.
Prokuratura xodimlari va tergov-tezkor guruh tomonidan voqea joyi ko‘zdan kechirilib, qonga o‘xshash dog‘lari bilan ifloslangan pichoq va janjal vaqtida ularning egnida bo‘lgan kiyimlar hamda boshqa ashyoviy dalillar olingan.
Kattaqo‘rg‘on shahar prokuraturasi tomonidan shu kuni JKning 97-moddasi 2-qismi “j” bandi bilan jinoyat ishi ko‘zg‘atilib, K.H. JPKning 227-moddasi tartibida ushlanib, himoya huquqi bilan ta’minlangan holda yaqin qarindoshlariga xabar berilgan.
Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari viloyat prokuraturasining o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan olib borilmoqda.