Kattaqo‘rg‘onda kesilgan 9 tup chinor 274 million so‘mga tushdi

Kattaqo‘rg‘on tumani Melixo‘ja mahallasida yashovchi fuqaro U.Z. tomonidan 2019 yilning dekabr oyida hech bir tegishli ruxsatlarsiz, Ravot qishlog‘ida joylashgan “Grand trans” muqobil mashina-traktor parki hisobida bo‘lgan, dala shiyponi atrofida joylashgan 9 tup chinorni kesgan.

Bu holat Kattaqo‘rg‘on tumani ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi davlat inspektorlari tomonidan 2020 yil 30 yanvar kunida aniqlangan va qonunda belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan.

 

Mazkur ish bo‘yicha tuman sudi tomonidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan va 2020 yilning 22 oktyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumani sudining ochiq sayyor sudida ko‘rib chiqildi. Ayblanuvchi U.Z. jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat sodir etganlikda aybli deb topilib, unga nisbatan, 2 yil 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi va jazoni o‘z yashash joyida o‘tashi belgilandi.

Shuningdek, 10 oy muddatda, viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi hisobiga tabiatga yetkazilgan 274 million 290 ming so‘m moddiy zarar undirilishi belgilandi.

Ayni paytda, tuman majburiy ijro bo‘limi hamkorligida moddiy zararni undirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Samarqand viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi axborot xizmati.