Kattaqo‘rg‘onda muddatli harbiy xizmatga yuborishi evaziga 300 AQSh dollari talab qilgan shaxs ushlandi

2023 yil 30 mart kuni huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga Kattaqo‘rg‘on tumanida yashovchi fuqaro ariza bilan murojaat qilib, muddatli harbiy xizmatga yuborishga mas’ul bo‘lgan shaxslardan biri uning o‘g‘lini 300 AQSh dollari evaziga harbiy xizmatga jo‘natishini aytib, pul talab qilayotganligini ma’lum qilgan va unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Shuningdek, u mas’ul shaxs oldindan 2 million so‘mni olgani, yana 1 million 420 ming so‘mni berishini aytayotganini bildirgan

Mazkur arizaga asosan Samarqand viloyati IIB Tezkor qidiruv xizmati jinoyat qidiruv boshqarmasi korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi hamda DXX viloyat boshqarmasi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida mas’ul shaxs ariza muallifidan 1 million 420 ming so‘m miqdoridagi pulni pora tariqasida olayotgan vaqtida daliliy ashyolar bilan qo‘lga olingan.

Bosh prokuratura huzuridagi Demartamentning Kattaqo‘rg‘on tuman bo‘limi tomonidan fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.