Kattaqo‘rg‘onda xonadonida sifatsiz moy ishlab chiqarayotgan shaxs faoliyatiga chek qo‘yildi

Kecha, 5 may kuni Samarqand viloyati IIB JQB va Kattaqo‘rg‘on tumani DXXB hamda tuman IIB xodimlari hamkorligida Kattaqo‘rg‘on tumani “Qorakulcha” mahallasida yashovchi, 1991 yilda tug‘ilgan B.O.ning yashash uyi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.

Tekshiruv davomida ushbu shaxsning omborxonasidan qog‘oz qoplarda dorilangan (zaharlangan) paxta chigitlari topilgan.

B.O. ushbu paxta chigitlarini 5 dona, qo‘lbola usulda yasalgan, hech qanday ruxsatnomaga ega bo‘lmagan moslamalar yordamida qayta ishlab, talabga javob bermaydigan moy mahsulotlarini tayyorlab kelayotganligi aniqlangan.

Paxta chigit mahsulotlari miqdori o‘lchanganida, ushbu mahsulotlar jami 10 tonnadan ortiq dorilanganligi ma’lum bo‘lgan.

Ushbu paxta chigitidan qayta ishlab chiqarilgan 20 litr moy mahsulotlari tekshirib ko‘rish uchun namuna sifatida hujjatlashtirib olinib, "Kattaqo‘rg‘on OIL” MChJga topshirilgan.

Samarqand viloyati IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.