Kattaqo‘rg‘onda yillik quvvati 500 tonna bo‘lgan yog‘ zavodi ishga tushadi
Bozorni sifatli, xavfsiz, arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘ldirish uchun avvalambor, ishlab chiqaruvchi korxonalar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish zarur. Jumladan, yog‘-moy mahsulotlarini ishlab chiqarishda ham korxonalar sonini ko‘paytirish uchun tizimda mavjud muammolarga barham berish talab etiladi. Bu sa’y-harakat o‘z navbatida, mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning eng muhim sharti hisoblanadi.
Kattaqo‘rg‘on tumani Yakkabog‘ mahallasi hududida tadbirkor Murod Hasanov tomonidan "Baraka Omad Ekstra Oyl" o‘simlik yog‘i ishlab chiqarish korxonasi qurilmoqda.
Loyiha qiymati 1 million 50 ming dollarni tashkil etgan ushbu yog‘ zavodida bir yilda 500 tonna xomashyo qayta ishlanadi. Zavod Xitoy davlatidan olib kelingan zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan.
Aholining yog‘-moy mahsulotlariga bo‘lgan talab va ehtiyojlarini qondirish, bozorlarni raqobatbardosh, sifatli xalq iste’mol mollari bilan to‘ldirishda muhim o‘rin tutadigan ushbu zavodning ishga tushirilishi natijasida 78 ta yangi ish o‘rinlari tashkil etilmoqda.
Mazkur ob’yekt iyul oyida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.