Kattaqo‘rg‘onda yoqilg‘i to‘la sisternaga tushib ketgan fuqaroning hayoti saqlab qolindi

Joriy yilning 28 mart kuni soat 18:50 da Kattaqo‘rg‘on tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limi 13-yong‘inga qarshi kurashish bo‘limi aloqa xizmatiga fuqaro Abdulla Qozoqov qo‘ng‘iroq qildi. Uning ma’lum qilishicha, Kadan qishlog‘ida joylashgan “TESERO SUELLO” avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasi mas’uliyati cheklangan jamiyati hududidagi benzin saqlash sig‘imiga odam tushib ketgan.

Xabarga asosan 13-kasbiylashgan yong‘inga qarshi kurashish qismidan 1 ta jangovar ekipaj voqea joyiga 2 daqiqa ichida yetib borgan. Aniqlanishicha, 24 m3 sig‘imli benzin saqlanadigan sisterna ichida Kadan qishlog‘ida yashovchi, 2002 yilda tug‘ilgan Husan Ozodov hushsiz holda yotgan edi. Ekipaj a’zolari tezda yong‘in qutqaruvchisi Muhriddin Asadovni qutqaruv arqoni orqali sig‘im ichiga tushirdi. Muhriddin jabrlanuvchini qutqarib, sisternadan olib chiqdi.

Voqea joyida Husanga tez tibbiy yordam xodimlari tomonidan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, tuman markaziy shifoxonasiga olib ketildi. Bir inson hayotini saqlab qolgan jangovar ekipaj a’zolari soat 19:17 da 13-kasbiylashgan yong‘inga qarshi kurashish qismiga qaytib keldi.

Fozil TURDINIYAZOV, Kattaqo‘rg‘on tumani FVB boshlig‘i o‘rinbosari, kapitan.