Kattaqo‘rg‘onlik ota bolalari uchun besh yillik aliment pullarini to‘ladi

Fuqarolik ishlar bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudining sud hujjatiga asosan qarzdor N.H.dan undiruvchi D.K foydasiga uch nafar farzandlarining moddiy ta’minoti uchun qarzdorning oylik ish haqi va boshqa daromadlarining ikkidan bir qismi miqdorida aliment undirish belgilangan, deb xabar bermoqda Majburiy ijro byurosi Kattaqo‘rg‘on tuman bo‘limi.

Majburiy ijro harakatlari davomida qarzdorning doimiy yashash joyi ko‘zdan kechirilganda qarzdorga tegishli bo‘lgan mol-mulklar aniqlanmagan va ro‘yxatga olinmagan.

Qarzdor N.H.ning aliment to‘lovlaridan bo‘lgan qarzdorligi 2014 yilning yanvar oyidan 2019 yil may oyiga qadar jami 46 mln. 258 ming so‘mni tashkil etgan.

Qarzdor aliment to‘lovlarini to‘lashi lozimligi va to‘lamagan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 47(4)-moddasiga ko‘ra ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirildi.

Ijro harakatlar davomida o‘ziga tegishli xulosa chiqargan qarzdor N.H undiruvchiga 49 mln. 500 ming so‘m to‘lab berdi.