Kecha Zarafshon milliy tabiat bog‘ida yana yong‘in sodir bo‘ldi: Bu so‘nggi yillardagi to‘rtinchi ofat

Kecha, 29 iyun kuni soat 13:15 da Jomboy tumani hududidagi Zarafshon milliy tabiat bog‘iga qarashli o‘rmonda yong‘in sodir bo‘layotganligi haqida tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limiga xabar kelib tushgan.

Yong‘in joyiga soat 13:27 da yetib borilib, soat 14:40 da qurshab olingan va hodisa soat 17:00 da bartaraf etilgan.

Yong‘inni bartaraf etishga viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasining 6 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji jalb etilgan.

Hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar yo‘q.

Hozirda voqea sababi va moddiy zarari aniqlanmoqda.


P/s: Zarafshon milliy tabiat bog‘i O‘zbekistondagi sanoqli qo‘riqxonalardan biri. Bu yerdagi hayvonot va nabobot olami nafaqat bizda, balki butun dunyoda noyob turlarga egaligi bilan ajralib turadi.

Lekin keyingi bir necha yilda bu yerda ketma-ket yong‘inlarning sodir bo‘lishi barchani tashvishlantirmasdan qolmaydi.

Jumladan, 2020 yil 26 iyulda Zarafshon milliy tabiat bog‘ida tungi soat 00:47 da yong‘in sodir bo‘lgan.

2021 yil 3 iyul kuni soat 21:10 da bu yerda yana yong‘in bo‘lgan va milliy bog‘ning 1,5 gektar yer maydonidagi to‘qayzorlar (malina, butazor, shox-shabba) yongan.

Shu yilning 21 fevral kuni milliy tabiat bog‘ining uchinchi bo‘limi hududida yana bir yong‘in sodir bo‘lgan.

To‘g‘ri, bu yong‘inlarning kelib chiqish sabablari o‘rganilgan. Ammo aftidan uning oldini olishga qaratilgan ishlar yetarli bo‘lmayotganga o‘xshaydi. Bu haqda o‘ylaydigan, xulosa chiqaradigan mutasaddilar bormikan?