Keksa va nogironlarga ularning uyida pasport berilmoqda
Samarqand tumani ichki ishlar bo‘limi migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmasi xodimlari tumanda yashayotgan imkoniyati cheklangan fuqarolarga biometrik pasport berish va rasmiylashtirish jarayonlarini ularning uylariga borib, maxsus mobil qurilmadan foydalangan holda amalga oshirmoqdalar. Bunday sa’y-harakatlar natijasida 2019 yilning yanvar oyida 106 nafar fuqaro biometrik pasportga ega bo‘ldi.
- Yoshim 82 da, salomatligim yomonlashgani tufayli ko‘p yurolmayman, - deydi tumandagi Ravonak mahallasida yashovchi onaxon Samara Karimova. – Ammo eski pasportimni yangisiga almashtirishim kerak edi. Mana, shu ish bilan shug‘ullanuvchilar uyimga kelib, biometrik pasport berib ketishdi. Bundan juda xursand bo‘ldim.
Ta’kidlash lozimki, Samarqand tumanida aholi soni 232 ming 301 nafarni tashkil etadi va ularning 161 ming 517 nafarini pasport oladigan yoki almashtiradiganlar tashkil etadi.
Hozirgi kungacha barcha fuqarolar biometrik pasport bilan ta’minlangan. 2019 yilning yanvar oyida jami 1225 nafar fuqaroga yangi O‘zbekiston Respublikasi biometrik pasportlari rasmiylashtirildi.
Shirin NORMATOVA.