Kelgusi yil kambag‘al oilalar farzandlarining bog‘cha to‘lovi qisman qoplab beriladi

2025 yildan boshlab oilaviy bog‘cha o‘rinlarining 15 foizi kambag‘al oila farzandlari uchun ajratiladi va ularga bog‘cha to‘lovi qisman qoplab beriladi.

Shuningdek, maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarovaga kelgusi yili kambag‘allik darajasi yuqori bo‘lgan mingta mahallada bittadan oilaviy bog‘cha faoliyatini yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Yig‘ilishda Prezident yana bir muhim masalaga to‘xtaldi.
- Kambag‘al oilalardagi 460 ming odam tibbiy yordamga, 6 mingta oila esa uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj, - dedi Sh.Mirziyoyev. - Shu bois 2025 yilda muhtoj odamlarning jarrohlik amaliyoti uchun Tibbiy sug‘urta jamg‘armasiga qo‘shimcha 185 milliard so‘m ajratiladi. “Ijtimoiy daftarlar” mablag‘i faqat kambag‘al oilalarni yashash sharoitini yaxshilash, tibbiyot, ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish va daromadini oshirishga sarflanadi. Adolat bo‘lishi uchun, endilikda bu mablag‘lar tumandagi kambag‘allar soniga qarab taqsimlanadi.
Ijtimoiy daftarlar mablag‘ining 30 foizini tuman hokimlariga “Inson" markazlari bilan mahalladagi uy-joy, yo‘l, suv va elektrni yaxshilash uchun ishlatishga ruxsat beriladi.