Kelgusi yil Samarqandda zamonaviy “Workout” sport maydoni barpo etiladi

Bu haqda viloyat Matbuot uyida viloyat turizm va sport boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Shuhrat Ro‘ziyev ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida  aytildi.

Ayni kunda viloyatimiz bo‘yicha 82 kilometr salomatlik yo‘laklari, 75 kilometr velosiped yo‘lakchalari mavjud.

Shuningdek, 63 ta mini futbol, 34 ta badminton, 323 ta “Workout”, 47 ta stritbol maydonchalari foydalanishga topshirilgan.

Kelgusi yilda Samarqand shahrida namunaviy tarzda barcha qulayliklarga ega “Workout” maydonchasi barpo etiladi.

Mavjud sport zallari va maydonchalarning foydalanish samaradorligi 2020 yilda 8,6 soatni tashkil etgan bo‘lsa, shu yilda 12,8 soatga oshgan.

Tadbir davomida yil davomida eng nufuzli bo‘lgan Olimpiada va Paralimpiya o‘yinlarida samarqandlik sportchilarning ham munosib ishtirok etgani alohida tilga olindi.

- Olimpiadada 10 nafar viloyatimiz vakillari sportning 6 ta turi bo‘yicha ishtirok etib, dzyudo turi bo‘yicha Davlat Bobonov Samarqand tarixida birinchi bor bronza medalini qo‘lga kiritdi, - dedi Sh.Ro‘ziyev. - Shuningdek, 4 nafar sportchimiz Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etgani, xususan, parayengil atletika bo‘yicha Husniddin Norbekov oltin medalni, paradzyudo turi bo‘yicha Parvina Samandarova kumush medalini qo‘lga kiritgani nafaqat yurtimiz sportini shon-shuhratini oshirdi, balki samarqand sporti sahifasini ham yangiladi.

Husan Eltoyev.