Kennedi va Xrushchevni do‘stlashtirgan kuchukcha
AQShning 35-prezidenti Jon Kennedi bolaligidan hayvonlarni yaxshi ko‘rardi. Qo‘shma shtatlar va Sovet ittifoqi mamlakatlari o‘rtasidagi sovuqchilikka barham berish uchun SSSR Ministrlar sovetining raisi Nikita Xrushchev shundan foydalandi.
...1961 yilda ikki davlat boshliqlari dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun Venada uchrashdi. Ular bilan rafiqalari - Jaklin Kennedi va Nina Xrushcheva birga edi. Ayollarning ishtiroki vaziyatni yengillashtirdi. Ikki mamlakat rahbari muhim davlat ishlari muhokama qilingandan tashqari u yoq-bu yoqdan ham suhbat qurishdi. Bir payt suhbat davomida Jaklin Kennedi Xrushchevdan kosmosga uchgan it haqida so‘rab qoldi. U afsonaviy Strelka laqabli itning avlod qoldirgan-qoldirmagani bilan qiziqdi.
Xrushchev darhol ilib ketdi va “kosmonavt” it bilan bog‘liq voqealarni maroq bilan hikoya qildi. It tirik ekanligini aytdi. Suhbatni beixtiyor Jon Kennedi va Nina Petrovna eshitib qoldi. Butun oqshom itlar haqida gurunglashishdi. Gap gap bilan-u ammo Nikita Sergeyevich uni yoddan chiqarmadi. Uch haftadan keyin Oq uyga Xrushchevdan sovg‘a keldi. Bu kosmosda bo‘lib qaytgan Strelkaning bolasi edi.
Oq uyda yoqimtoy kuchukchani butun oila a’zolari, ayniqsa bolalar yaxshi ko‘rib qolishdi. Gazetalar Xrushchevning sovg‘asi ikki mamlakat o‘rtasidagi “Sovuq urush”ni yumshatishda xizmat qilgani haqida baralla yozishdi.
Rus tilidan T. Shomurodov tarjimasi.