Keyingi yillarda O‘zbekistonda odam savdosi 6 barobarga kamaydi

Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda respublika Ichki ishlar vazirligi Tergov departamenti mas’ul xodimi Nargiza Hojiboyeva ma’lum qildi.

- Tahlillarga ko‘ra, odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar 2020 yilda 2012 yildagiga nisbatan olti barobarga kamaygan, - dedi N.Hojiboyeva. - Ya’ni, 2012 yilda odam savdosi bilan bog‘liq 574 ta jinoyat sodir etilgani aniqlangan bo‘lsa, 2019 yilda bu ko‘rsatkich 94 tani, 2020 yilda 74 tani tashkil etdi.

Shuningdek, Tergov departamenti mas’ul xodimi chaqaloq savdosiga sabab bo‘layotgan omillarni ham sanab berdi. Unga ko‘ra:

- bolaning onasi ijtimoiy himoyalanmagani va moddiy ehtiyojlari ta’minlanmaganligi;

- turmushga chiqmagan ayollar homilador ekani hamda chaqaloqni oilasidan yashirishga urinishi;

- farzand ko‘rmagan oilalar tomonidan chaqaloq asrab olishga ehtiyoj mavjudligi;

- chaqaloq savdosining oldini olishga qaratilgan mukammal huquqiy asosning yo‘qligi.

Ma’lumot o‘rnida: 2017-2020 yillarda o‘tkazilgan tezkor tadbirlar doirasida O‘zbekistonda chaqaloq savdosi bilan bog‘liq 185 ta holat aniqlangan.