Kichik biznesni moliyalashtirishning yangi tizimi joriy etiladi
Urgut tumanida davlatimiz rahbarining 2023 yil 15 noyabrdagi “Aholini kichik va o‘rta biznesga keng jalb qilishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyatini tushuntirish maqsadida seminar o‘tkazildi.
Biznes-ombudsman devoni, Savdo-sanoat palatasi viloyat boshqarmasi hamda bandlik va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi vakillari hokim yordamchilari, tadbirkorlar hamda tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan fuqarolarga qarorda belgilangan yangi tartib va qoidalar, oilaviy tadbirkorlik, kichik va o‘rta biznes uchun yaratilayotgan moliyaviy imkoniyatlar haqida ma’lumot berdi.
– Qarorda nazarda tutilgan asosiy vazifalardan biri 2024 yilda 2 million aholini tadbirkorlikka jalb qilish bo‘yicha tizimni joriy etish, – deydi Biznes-ombudsman devoni xodimi Nodir Namozov. – Shuningdek, aholi va tadbirkorlik sub’yektlarini o‘qitish orqali ularning biznes tashabbuslarini moliyaviy va konsultativ qo‘llab-quvvatlash tizimini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan. Bunda “oilaviy tadbirkor — mikrobiznes — kichik biznes — o‘rta biznes” zanjiri asosida ularning faoliyatini kengaytirish uchun zarur shart-sharoit yaratish ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.
Yaqinda transformatsiyaga uchragan quyidagi tashkilotlarda 2024–2026 yillar uchun keyingi maqsadli ko‘rsatkichlar belgilanmoqda. Ya’ni, “Biznesni rivojlantirish banki” ATBga kichik tadbirkorlik sub’yektlariga ajratiladigan kreditlar qoldig‘ini 1,7 baravarga oshirish orqali kredit portfelidagi ulushini 28 foizdan 43 foizga yetkazish, kichik biznes loyihalarini moliyalashtirish uchun xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlaridan 800 million AQSh dollarigacha miqdorda resurslar jalb qilish, 300 million AQSh dollari miqdorida obligatsiya (yevrobond)larni xalqaro kapital bozorlarida muomalaga chiqarish, 150 mingta kichik tadbirkorlik sub’yekti faoliyatini yo‘lga qo‘yish va kengaytirish vazifasi topshirilgan.
“Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyatiga esa kichik va o‘rta tadbirkorlik sub’yektlariga ko‘rsatiladigan moliyaviy xizmatlar hajmini 8 trillion so‘mdan 14 trillion so‘mga yetkazish, 150 ta o‘rta biznes korxonasiga ulush kiritish va xizmatlar ipotekasi asosida 300 ta loyihani tadbirkorlik sub’yektlariga sotish, o‘rta tadbirkorlik sub’yektlari sonini 2,5 baravarga oshirish, 300 million AQSh dollari miqdorida obligatsiya (yevrobond)larni xalqaro kapital bozorlarida muomalaga chiqarish vazifasi qo‘yildi.
Qaror ijrosi yuzasidan Biznes-ombudsman devoni tomonidan Savdo-sanoat palatasi hamda mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi hududiy boshqarmalari bilan birgalikda har hafta mahallalarga chiqqan holda aholi va tadbirkorlik sub’yektlari o‘rtasida davlat dasturlarida kichik va o‘rta biznes uchun belgilangan moliyaviy imkoniyatlar to‘g‘risida targ‘ibot-tashviqot ishlari olib boriladi. “Kichik biznesga ko‘maklashish markazi” MChJlarda namunaviy qo‘llanmalar asosida aholi va tadbirkorlik sub’yektlari uchun o‘quv seminarlari o‘tkaziladi.