Kichik sanoat zonalari: Tadbirkor 10 yildan so‘ng binoni o‘z mulkiga aylantira oladimi?

Ushbu sanoat zonalari mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan shakllantirildi va kichik sanoat zonalari direksiyasi tashkil etildi. Ularga jami 53 gektardan ortiq maydondagi bo‘sh turgan binolar ajratib berildi. Xo‘sh, har bir tumanda kichik sanoat zonalarining tashkil qilinishi nima beradi va ularning erkin iqtisodiy zonalardan farqi nimada?

– Kichik sanoat zonalarining tashkil etilishi chekka hududlarda ham ishlab chiqarish maydonlarini tashkil etish, bo‘sh turgan binolardan foydalanish, iqtisodiyotni tarkibiy o‘zgartirish, import o‘rnini bosuvchi eksportbop tovarlar ishlab chiqarishga qaratilgan, – deydi viloyat kichik sanoat zonalari sektor boshlig‘i Olim Qo‘ldoshev. – Buning uchun esa faqat kichik sanoat zonasi ishtirokchisi bo‘lgan tadbirkorlarga xorijdan zamonaviy uskunalar keltirishlari uchun O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 50 million AQSh dollarigacha imtiyozli kredit mablag‘lari beriladi. Erkin iqtisodiy zonada kiritilgan investitsiya miqdoriga qarab imtiyozlar muddati belgilansa, kichik sanoat zonasida 2 yillik imtiyozlar qo‘llaniladi. Agar tadbirkor shu vaqt ichida ishlab chiqargan mahsulotining 30 foizini bojxona idoralari orqali xorijga eksport qilsa, yana 2 yil muddatga imtiyoz uzaytiriladi. Tadbirkor kichik sanoat zonasidagi bo‘sh turgan binoni 10 yil muddat belgilangan tartibda ishlatsa, keyin o‘z mulki qilib berish imkoniyatlari ham yaratilgan. Tashabbuskorlar tomonidan kichik sanoat zonalari ma’muriy kengashiga dastlabki qiymati 42,5 million AQSh dollari bo‘lgan 74 ta loyiha takliflari topshirgan bo‘lsa, ular orasidan eng maqbul deb topilgan 45 ta loyiha tasdiqlanib, qurilish ishlari boshlandi. Ushbu loyihalar to‘liq ishga tushganda 1400 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishi kutilmoqda.

Xo‘sh, bu imkoniyatlardan tadbirkorlar qanday foydalanyapti? Bu savolga javob topish maqsadida Samarqand tumanida bo‘ldik.

Bizga hamroh bo‘lgan tuman hokimligi bosh mutaxassisi Fayoz Rahmatovning aytishicha, Mahmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy tadqiqot instituti Samarqand ilmiy tajriba stansiyasining bo‘sh turgan garajining 1,25 gektar yer maydonida kichik sanoat zonasi tashkil etilgan. Bu yerda topshirilgan jami 7 ta loyihadan umumiy qiymati 300 ming AQSh dollari miqdoridagi 3 ta istiqbolli loyiha tanlab olindi. Ularda qurilish bo‘yog‘i va qurilish materiallari, lift va lift jihozlari ishlab chiqarilishi va 118 ta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.

– Biz kichik sanoat zonasidagi 60 sotix maydonda 642 ming AQSh dollarilik qurilish materiallari ishlab chiqarish loyihasini amalga oshiryapmiz, – deydi "Sam Maximum" mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Baxtiyor Homidov. – Korxona ishga tushgach, yiliga 1900 tonnaga yaqin shpatlevka, quruq qorishma, turli bo‘yoqlar va boshqa turdagi qurilish materiallari ishlab chiqariladi. Buning uchun Xitoydan 22 ming AQSh dollarilik zamonaviy uskuna keltirdik, 28 ta doimiy ish o‘rni yaratdik. Mahsulotimizning 50 foizini eksportga chiqarishni rejalashtirganmiz. Hozirda qo‘shni tojikistonlik tadbirkorlar bilan shartnoma asosida dastlab 32 tonna, keyinchalik har oyda 130-140 tonnadan mahsulot yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishganmiz.

O‘ktam XUDOYBERDIYeV.