Kiyevda 40 million dollarlik moliyaviy piramida fosh qilindi

Tezkor operatsiya mobaynida 55 yoshli Rossiya fuqarosi qo‘lga olingan.

Ma’lum bo‘lishicha, u rahbarlik qilgan tashkilot 2017 yilda Rossiyada tashkil etilgan va keyinchalik faoliyatini boshqa davlatlar, jumladan, Ukrainaga ko‘chirgan.

"Firibgarlar potensial investorlarga go‘yoki jahon miqyosidagi yetakchi texnologiya kompaniyalari aksiyalariga mablag‘ kiritishni taklif qilishgan va qisqa vaqt ichida katta foyda olishiga va’da berishgan. Shuningdek, loyihaga yangi investorlar jalb qilingan taqdirda, mijozlarni «bonuslar» bilan rag‘batlantirgan.
Biroq u aslida notijorat loyiha sifatida yaratilgan va jinoiy sxemadan olingan mablag‘lar moliyaviy piramida tashkilotchilari o‘rtasida taqsimlangan", deyiladi politsiya tarqatgan xabarda.

Xabarga ko‘ra, sxema tashkilotchilarining daromadi qariyb 40 million AQSh dollarini tashkil qilgan. Tergovchilar Kiyevdagi ofisda va unga aloqador shaxslarning manzillarida o‘tkazilgan tintuvlar natijalariga ko‘ra, «foydali muassasa»ning kompyuter texnikasi, mobil telefonlari, qoralama yozuvlari va tashviqot mahsulotlarini olib qo‘yishgan.