Kim Chen In: Shimoliy Koreya AQSh bilan harbiy mojaroga tayyor

KXDR yetakchisi Kim Chen In Pxenyan Qo‘shma Shtatlar bilan har qanday harbiy mojaroga to‘liq tayyor ekanini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Janubiy Koreyaning Yonhap axborot agentligi KXDR davlat OAVlariga tayanib.

“Shimoliy Koreya Qo‘shma Shtatlar bilan har qanday harbiy to‘qnashuvga to‘liq tayyor ekanini yana bir bor aniq aytaman”, — dedi Kim Chen In 1950-1953 yillardagi Koreya urushidagi sulhning 69 yilligiga bag‘ishlangan tadbirda.

Shuningdek, u Janubiy Koreya prezidenti Yun Sek Yelni Janubiy Koreya harbiylari Shimoliy Koreyaga zarba berishga “xavfli urinish” qilsa, yo‘q qilinishini aytdi.

“Agar Janubiy Koreya rejimi va harbiy bezorilari bizga harbiy yo‘l bilan hujum qilishni o‘ylab, ma’lum harbiy vositalar yoki usullar asosida harbiy kuchimizning bir qismini oldindan zararsizlantirish yoki yo‘q qilish mumkinligiga ishonsa, ular xato qiladi”, — dedi Shimoliy Koreya rahbari.