Shimoliy Koreya yetakchisi Putin bilan uchrashish uchun Rossiyaga boradi: Ular nimani muhokama qilishadi?

Bir necha kundan beri OAV Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In shu oy Vladivostokda Rossiya prezidenti bilan muzokara o‘tkazishi haqida xabar bermoqda. Ikki davlat rahbari Sharqiy iqtisodiy forumda ham ishtirok etishi kutilmoqda. Jurnalistlarga ko‘ra, Kim Chen In Pxenyandan Rossiyaga zirhli poyezdda boradi va uning Moskvaga borish ehtimoli ham yo‘q emas.

Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarning “Shimoliy Koreya yetakchisining Rossiyaga tashrifiga tayyorgarlik ko‘rilmoqdami?”, degan savoliga "Bu mavzuda sizga hech narsa aytolmaymiz", deb javob bergan.

Bloombergning yozishicha, Shimoliy Koreya va Rossiya o‘rtasidagi yaqinlashuv “dunyoni biroz xavfliroq qilishi mumkin”. AQSh rasmiylariga ko‘ra, mamlakatlar Rossiyaga Ukrainadagi urushni davom ettirishi uchun zarur bo‘lgan Shimoliy Koreya qurollarini Rossiya harbiy texnologiyalari evaziga yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.

Agentlik ta’kidlaganidek, Rossiya va KXDR quruqlikda chegaradosh ekanligi sababli ularni yetkazib berishni tartibga solish oson bo‘ladi. 2022 yilda mamlakatlar o‘rtasida temir yo‘l aloqasi tiklangan (koronavirus pandemiyasi davrida yopilgan). Rossiya va Shimoliy Koreya dengiz orqali ham yuk tashishi mumkin, bunda yuk kemalari xalqaro suvlarga kirishi shart emas.

G‘arb davlatlari KXDRga nisbatan samarali ta’sir ko‘rsata olmaydi, chunki u allaqachon ko‘plab sanksiyalar ostida. Qo‘shma Shtatlar va uning hamkorlari Shimoliy Koreyaning Rossiyaga qurol yetkazib berishini to‘xtatishining yagona yo‘li bu - Rossiyaga nisbatan sanksiyalar bosimini kuchaytirish yoki o‘zini Rossiya-Ukraina mojarosida betaraf tomon sifatida ko‘rsatayotgan Xitoyni aralashishga ko‘ndirishdir, deyiladi xabarda.