Kim Chen In: Yadroviy qurol - urushning oldini olish uchun samarali ixtiro

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In Koreys urushi nihoyasiga bag‘ishlangan chiqishida, yadroviy qurolni Koreya yarim orolidagi tinchlikni ta’minlash uchun samarali ixtiro, deb atadi. Bu haqda The Daily Mail nashri xabar berdi.

KXDR rahbari urushning oldini olish uchun uning mamlakati “urushni ushlab turishga va oldini olishga qodir, mutlaq kuchga” egalik qilishi shart bo‘lganini ta’kidladi. Uning fikriga ko‘ra, Shimoliy Koreya yadroviy qurolga ega bo‘lganidan so‘ng mamlakat qudrati haqida ortiq shubhaga bormaydigan imperialist dushmanlardan ishonchli himoyalandi.

Shimoliy va Janubiy Koreya o‘rtasidagi urush 1950 yil 25 iyundan 1953 yil 27 iyulga qadar davom etgan. Pxenyanga sobiq ittifoq (SSSR) va Xitoy yordam bergan. AQSh, Buyuk Britaniya va boshqa G‘arb mamlakatlari Seul tomonda bo‘lgan. Uch yil davom etgan urush vaqtida 1,3 millionga yaqin koreys millati vakili va 36,6 ming nafar AQSh askari halok bo‘lgan. Urush bugungi kunga qadar amal qilinib kelayotgan, 1953 yilda imzolangan tinchlik sulhidan so‘ng o‘z nihoyasiga yetdi.