Kim doim kechirimli bo‘lishni uddalay oladi?

Hayotingizda muammolarga duch kelgan paytlar ko‘p bo‘layotganidan hayratda bo‘lsangiz, ushbu masalni o‘qing. Ehtimol, bu dars o‘zingiz uchun muhim bo‘lgan narsalarni tushunishga yordam beradi. 

Bir kursi atrofida o‘tirgan ruhlar yerga tushish maqsadida o‘zlari uchun navbatdagi darsni tanlay boshladilar. Shunda dadil va matonatli ruh o‘rnidan turib shunday dedi: 

- Bu safar yerga men boraman. Kechirimli bo‘lishni o‘rganish uchun. Kim menga hamrohlik qiladi?  

Ruhlar unga qarab qo‘rquv va hamdardlik bilan gap boshlashdi: 

- Bu bir inson o‘z hayoti davomida uddalay olmaydigan eng mashaqqatli darslardan biri... Qiynalib qolasan, senga judayam achinyapmiz... Mayli, senga yordam berishga harakat qilamiz, balki bu jumboqni birga yengarmiz... 

Bir ruh aytdi: 

- Mayli, men sen bilan doim yerda bo‘lishga va senga yordam berishga tayyorman. Hayotda sening turmush o‘rtog‘ing bo‘laman, oilaviy hayotimizda bo‘ladigan ko‘p muammolar mening aybim bilan bo‘ladi va sen meni kechirishni o‘rganasan.

Ikkinchi ruh xo‘rsinib aytdi: 

- Men senga qiyin bolalikni ta’minlab berishim mumkin. Keyinchalik ham mahmadona do‘sting kabi yoningda bo‘lib, hayotingga aralashaman va ishlaringa xalaqit beraman, shunda sen kechirishni o‘rganasan. 

Uchinchi ruh so‘z boshladi: 

- Men esa sening boshliqlaringdan biri bo‘laman, kechirish hissi nimaligini o‘rganishing uchun senga nohaq munosabatda bo‘lib, seni mensimayman. 

Darsni mustahkamlash uchun yana bir necha ruh u bilan hayotining turli davrlarida uchrashishga rozi bo‘ldi. Shu tariqa har bir ruh hayotda bir-birini o‘qitish, yo‘l ko‘rsatish bilan bog‘liq rejalarni obdon o‘ylab chiqib, tug‘ilish uchun yerga tushishdi. 

Qalblar tarbiyalanishining o‘ziga xos xususiyati shundaki, tug‘ilish paytida ruhlarning xotiralari tozalanadi.  

Tasodifiylik tasodif emas deb taxmin qiladigan insonlar shuni bilishi kerak, bizning hayot yo‘limizda uchraydigan har bir inson aynan o‘zi bilan birga olib keladigan darsga juda muhtoj bo‘lganimizda paydo bo‘ladi. 

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.