Kim kimni boqishi kerak?

Bugun moddiyat aksar odamlar uchun asosiy tashvishga aylanib ulgurdi. Vaholanki, kuchli mo‘min kuchsiz mo‘mindan afzal sanalsa-da, dunyo moliga hirs qo‘yish hamma davrlarda ham qoralangan. Agar tarixga nazar soladigan bo‘lsak, o‘tmishda iz qoldirgan buyuk ajdodlarimiz mol-dunyoni bir vosita o‘laroq qabul qilishgan. Uni ilm yo‘lida, mo‘minlarni, avvalo, ota-onasi va farzandlarining hojatini chiqarish yo‘lida sarflagan.

Afsuski, bugun padari va volidasi, zurriyodi haqdor bo‘lishiga qaramay, ularning ta’minotidan qochayotganlarni uchratish mumkin...

Alimentga qo‘shimcha undirish mumkinmi?
“Sobiq turmush o‘rtog‘im farzandlarimga aliment to‘laydi. Men uning miqdori kam yoki ko‘p demoqchi emasman. Lekin bolalarimdan biri yaqinda shifoxonaga tushib, dori-darmonga, davolatishimga mablag‘ kerak bo‘lib qoldi. Shuning uchun sobiq turmush o‘rtog‘imdan so‘radim. Bunga haqlimanmi?”
Mushtariylarimizdan biridan kelgan bu maktubda aytilishicha, sobiq ota moliyaviy imkoniyati yaxshi bo‘lishiga qaramay, farzandi uchun aliment to‘lovlaridan ortiqcha bir so‘m ham bermasligini bildirgan.

Tabiiy savol tug‘iladi: er, ya’ni ota (garchi u endi sobiq bo‘lsa-da) to‘g‘ri yo‘l tutganmi? Aslida farzandlar voyaga yetgunlariga qadar ularning ta’minoti otaning zimmasida bo‘ladi.
Asosiy qonunimizning 64-moddasiga ko‘ra, “Ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar”. Bundan tashqari, Oila kodeksining 103-moddasida favqulodda holatlarda, masalan, bola og‘ir shikastlansa, kasal bo‘lsa va boshqa holatlarda ona bolaning ta’minoti uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha xarajatlarni otadan talab qilishi mumkinligi belgilangan.
Qo‘shimcha xarajatlarda ishtirok etishdan bosh tortgan otadan sud uning oilaviy va moddiy ahvolini hisobga olib, qo‘shimcha xarajatlarni qisman pul bilan to‘lanadigan qat’iy summada undirish haqida hal qiluv qarori chiqarishi mumkin.

Ota yoki onadan yuz o‘girgan bola
Yaqinda gazeta va saytimizda “Bo‘lgan voqea: Otasini “Qariyalar uyi”ga joylashtirgan farzand buni uyida nishonladi” nomli maqola e’lon qilindi.

Maqolani o‘qirkansiz, ko‘zlaringizga yosh keladi. G‘alati holatga tushasiz. Bir parcha etdan bor mehrini berib katta qilgan ota-ona, keksayib kuchdan qolganda ularga e’tibor qilmaslik...
Qayd qilingan voqelikda ota-ona va farzand orasidan qanday gap o‘tganligidan qat’i nazar, bu holatda baribir farzand aybdor. Afsuski, jamiyatimizda milliy va diniy qadriyatlarimizga mos bo‘lmagan bunday holatlar kam emas...

Qolaversa, keksaygan ota-onaning ham qonun bo‘yicha huquqlari va voyaga yetgan farzandlarining ular oldida majburiyatlari bor. Yoshi bir joyga borganda, ularga e’tibor qilmayotgan farzandlaridan sud orqali aliment undirishdan ota-onalar emas, ota-onalarni ta’minlamayotgan farzandlar andisha qilishlari kerak edi aslida.
Unutmang, Konstitutsiyamizning 66-moddasiga ko‘ra, “Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli farzandlar o‘z ota-onalari haqida g‘amxo‘rlik qilishga majburdirlar.”

Qonun nima deydi?
Oila kodeksining 109-moddasida “voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalar mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj o‘z ota-onasiga ta’minot berishlari va ular to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishlari shart” deb belgilangan. Ushbu Kodeksning 110-moddasiga binoan voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalar o‘z ota-onasiga ixtiyoriy ravishda moddiy yordam berishdan bo‘yin tovlasalar, ta’minot miqdori bolalarning oilaviy va moddiy ahvolini hisobga olgan holda sudning hal qiluv qaroriga asosan belgilanadi.

Unutmang, Oila kodeksining 116-moddasiga ko‘ra, ota-onasiga moddiy yordam berish to‘g‘risidagi sudning hal qiluv qarorlarini bajarmaslik jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Jumladan, Jinoyat kodeksining 123-moddasida voyaga yetgan shaxslarning mehnatga layoqatsiz va moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan ota-onani moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlashi, ya’ni ularni moddiy jihatdan ta’minlash uchun sudning hal qiluv qaroriga binoan undirilishi lozim bo‘lgan mablag‘ni jami bo‘lib, 2 oydan ortiq muddat mobaynida to‘lamasligi, shunday qilmish uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilangan.
Xulosa o‘zingizdan!

Yo.Marqayev.