Kim sudya bo‘lishi mumkin?
Prezidentimiz joriy yilning 6 yanvar kuni "Sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash, sudyalar va sudlar apparati xodimlarini qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.
Mazkur qaror qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq sohasini takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning amaliy ifodasi bo‘ldi.
Qaror bilan sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash, sudyalar va sudlar apparati xodimlarini qayta tayyorlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzurida sudyalar oliy maktabi tashkil etildi.
Maktabda grant asosida bir yillik magistratura ta’limi joriy qilinib, nomzodlarni qabul qilish 2019-2020 o‘quv yilidan boshlanishi belgilandi. Bu ishlar faqat sudyalik lavozimi zaxirasida bo‘lgan shaxslar orasidan tanlov asosida, Sudyalar oliy kengashi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi bilan birgalikda belgilanadigan kvotalar bo‘yicha amalga oshiriladi. Sudyalik lavozimlariga 2020 yil 1 sentyabrdan boshlab, faqat sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan shaxslar tayinlanadi. Ungacha sudyalarni dastlabki muddatga tayinlashning amaldagi tartibi 2019-2020 o‘quv yili tugagunga qadar saqlab qolinadi. Kelgusida bu o‘quv dargohi sudyalar tomonidan adolatli qarorlar qabul qilinishi va fuqarolarning odil sudlovga bo‘lgan ishonchini ta’minlashga xizmat qiladi.
Otabek MAJIDOV,
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi
huzuridagi yuristlar malakasini oshirish markazi tinglovchisi.