Sud raislari jurnalistlarga axborot berdi

Samarqandda viloyat sudlarining 2019 yil birinchi chorakdagi faoliyatidan ommaviy axborot vositalari vakillari va jamoatchilikni xabardor etish maqsadida brifing o‘tkazildi.

Ommaviy axborot vositalari xodimlari, jamoat tashkilotlari vakillari taklif etilgan tadbirda jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi, viloyat iqtisodiy sudi, viloyat ma’muriy sudi va fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudi raislari va ularning o‘rinbosarlari joriy yil birinchi chorakdagi faoliyat bo‘yicha axborot berdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi raisi Olim Hayitovning qayd etishicha, hisobot davrida viloyat, tuman va shahar sudlari tomonidan 957 shaxsga nisbatan 769 ta jinoyat ishlari ko‘rib tamomlangan.



Bu o‘tgan yilning shu davri bilan qiyoslaganda jinoyat ishlari 630 taga, shaxslar soni esa 832 nafarga kamaygan. Sudlanganlarning 112 nafarini ayollar, 26 nafarini voyaga yetmagan shaxslar tashkil etadi.

180 ta jinoyat ishi taraflarning yarashganliklari munosabati bilan tugatilib, 184 nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod qilingan. Birinchi chorak davomida viloyat sudlarining barcha instansiyalarida 4 ta jinoyat ishi bo‘yicha 5 nafar shaxs oqlangan. Birinchi bosqich sudlar tomonidan ko‘rilgan jinoyat ishlari bo‘yicha 49 nafar shaxs sud zalidan qamoqdan ozod qilingan.

Jinoyat ishlarini sudda ko‘rishda jamoatchilik keng jalb qilinib, mahalla fuqarolar yig‘inlari, xotin-qizlar qo‘mitasi va yoshlar ittifoqi kafilligi asosida 34 nafar shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlangan.

Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish maqsadida 392 ta jinoyat ishlari sayyor sud majlislarida ko‘rilib, jinoyatning sabablari va uning sodir etilishiga imkon bergan holatlarni bartaraf etish yuzasidan 591 ta xususiy ajrimlar chiqarilgan va muhokama qilish uchun tegishli korxona, tashkilot, muassasalarga yuborilgan.

Samarqand viloyat ma’muriy sudi raisi Botirali Diyorov yilning dastlabki uch oyida viloyat, tuman (shahar) ma’muriy sudlari tomonidan ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan 408 ta ma’muriy ish ko‘rilib, ularning 323 tasi qanoatlantirilgani, 64 tasi rad qilingani, 14 tasi ish yuritishdan tugatilgani, 7 ta ish ko‘rmasdan qoldirilganini qayd etdi.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, birinchi chorakda ma’muriy sudlarga 8541 nafar shaxsga nisbatan 7171 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar birinchi bosqichda ko‘rish uchun kelib tushgan. O‘tgan yilning shu davrida esa 11 ming 427 nafar shaxsga nisbatan 9195 ta ish kelgan.

Hisobot davrida ko‘rib tamomlangan 4646 ta ma’muriy ish bo‘yicha 5198 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy jazo qo‘llash haqida qaror chiqarilgan. Ko‘rilgan ma’muriy ishlari bo‘yicha 6 milliard 246 million so‘m jarima jazosi tayinlanib, uning 5 milliard 100 million so‘mi ixtiyoriy ravishda to‘lanishi ta’minlangan.

Ma’muriy huquqbuzarliklarga oid ishlar tahlil qilinganda, transport vositalarini mast holda boshqarish, belgilangan harakat tezligini oshirish kabi qoidabuzarliklarga oid ishlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ellik foizdan ortiq kamayganligi kuzatildi.

Samarqand viloyati iqtisodiy sudi raisi Muxiddin Bozorovning axborotida qayd etilishicha, hisobot davrida viloyat, tumanlararo, tuman (shahar) iqtisodiy sudlari tomonidan 3571 ta ish ko‘rib chiqilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 2018 yilning shu davriga nisbatan 1934 taga (35 foizga) kam demakdir.



Bu ishlarning 2613 tasi sayyor sud majlislarida ko‘rilgan. Ko‘rib hal etilgan ishlar bo‘yicha da’vogar(arizachi)lar foydasiga 99 milliard 560 million so‘m undirish haqida sud hujjatlari qabul qilingan.

Bugungi kunda tadbirkorlik sub’yektlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining vvv.supsourt.uz sayti orqali respublikaning istalgan iqtisodiy sudiga da’vo ariza va iltimosnoma, apellyasiya va kassatsiya shikoyatlari, nazorat tartibida protest keltirish haqidagi arizalarni elektron shaklda taqdim etmoqda. Jumladan, yilning birinchi choragida xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar tomonidan 1999 ta da’vo arizasi Samarqand viloyat iqtisodiy sudlariga ana shu tartibda berilgan.

Yil boshidan Kattaqo‘rg‘on tumanlararo iqtisodiy sudida boshqa sudlarga nisbatan eng ko‘p (857ta) iqtisodiy ish ko‘rilgan. Viloyat sudi raisining qayd etishicha, bu ishlar asosan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning kontraktatsiya shartnomalari bilan bog‘liq.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi raisi Ma’rufjon Tojiboyev o‘z axborotida viloyatda birinchi chorakda 5172 ta fuqarolik ishlari ko‘rib tamomlanganini ma’lum qildi.



Ushbu ishlarning 4580 tasi yuzasidan hal qiluv qarori chiqarilib, 3772 ta da’vo qanoatlantirilgan, 808 ta da’vo rad etilgan, 248 ta fuqarolik ishi bo‘yicha ish yuritish tugatilgan, 344 tasi ko‘rmasdan qoldirilgan, 131 ta ish boshqa sudlarga o‘tkazilgan. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Jomboy va Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudlarida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan fuqarolik ishlari o‘sishi kuzatilgan.

Hisobot davrida nikohdan ajratish bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha chiqarilgan hal qiluv qarorlari 1224 tani tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 95 taga kamaygan.

– Ammo bitta bo‘lsa ham oilaviy ajrim jamiyat uchun katta yo‘qotishdir – deydi M.Tojiboyev. – Shuning uchun viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi viloyat boshqarmasi, “Mahalla”, “Nuroniy” jamg‘armasi va yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida oila, nikoh tushunchalari, ularning qadr-qimmati haqida targ‘ibot ishlari olib borishga alohida e’tibor qaratayapmiz. Yoshlarni oilaga tayyorlash bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqdik. Bundan tashqari, ayni paytda fuqarolik sudlarida uy-joy, yer masalalari bilan bog‘liq fuqarolik ishlari ham ko‘p qayd etilmoqda. Ko‘p nizoli holatlar aholining o‘z huquq va majbiriyatlarini yetarli darajada bilmasligi, qonunlardan bexabarligi oqibatida kelib chiqmoqda. Shu sababli jamiyatda huquqiy madaniyatni oshirish borasida barchamiz hamkorlikda harakat qilishimiz lozim.

Tadbir yakunida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga sud raislaridan javoblar oldi.