Samarqand viloyatidagi sudlar o‘tgan yil 49 kishini oqladi
Ha, shunday. Sudlanayotganlarning hammasi ham ozodlik mahrum etilmayapti, ularning barchasi jinoyatchi emas. Sud-huquq sohasidagi islohotlar, sudlarning chinakam adolat qo‘rg‘oniga aylanib borayotgani tufayli, sud zalidan ozod qilish, sudlanuvchini oqlash kabi amaliyotlar baladparvoz gap emas, hayotda o‘z ifodasini topmoqda.
Samarqand viloyati sudlari tomonidan 2021 yil davomida odil sudlovni amalga oshirish, qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilgan ishlarga bag‘ishlangan brifingda shu haqda so‘z yuritildi.
Viloyat sudi raisi O.Hayitovning ta’kidlashicha, hisobot davrida viloyat, tuman va shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudlari tomonidan 4966 nafar shaxsga nisbatan 3909 ta jinoyat ishlari ko‘rib tamomlangan. Jumladan, 2898 ta ish bo‘yicha 3794 nafar shaxsga nisbatan hukm chiqarildi, 997 ta ish tugatildi. 3613 nafar sudlanganlarning 932 nafariga ozodlikdan mahrum qilish, 1285 nafariga ozodlikni cheklash, 1007 nafariga axloq tuzatish ishlari tayinlangan. Yil davomida sudlar tomonidan ko‘rilgan jinoyat ishlari bo‘yicha 489 nafar shaxs sud zalidan qamoqdan ozod qilindi. Viloyat sudlarining barcha instansiyalarida 29 ta jinoyat ishi bo‘yicha 49 nafar shaxs oqlandi. 964 ta jinoyat ishi taraflarning yarashganliklari munosabati bilan tugatilib, 1091 nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod qilindi.
Ichki ishlar organlari probatsiya xizmati taqdimnomalari asosida qilmishidan chin ko‘ngildan pushayman bo‘lgan, o‘ziga tegishli xulosa chiqargan, jazoni o‘tash davrida tuzalish yo‘liga o‘tib, tartib-intizomga qat’iy rioya qilgan namunali xulq-atvordagi 2498 nafar shaxs jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 530 nafar shaxsning jazosi yengilrog‘i bilan almashtirildi. Jazoni ijro etish manzil koloniyalaridagi 524 nafar shaxs tayinlangan jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli va jazo yengilrog‘iga almashtirilib, qamoqdan ozod qilindi.
– Bu raqamlar sudda ko‘rilgan barcha ishlar bo‘yicha albatta, jazo tayinlanadi degan qarashlar bugun eskirganligini ko‘rsatadi, – dedi Samarqand viloyati sudi raisi O.Hayitov. – Bu keyingi besh yilda sud-huquq sohasida amalga oshirilgan islohotlar natijasi. Qolaversa, 2021 yildan “bir sud – bir instansiya” tamoyili asosida viloyat sudlari tashkil etilgani, ishlarni qabul qilish va ko‘rib chiqishda bir qator yengilliklar yaratilgani ham aholining sudlarga ishonchini oshirdi, sudyalarning to‘la mustaqil ish olib borishiga imkoniyat yaratdi.
Brifingda qayd etilishicha, 2021 yilda sudlar tomonidan 26769 nafar shaxsga nisbatan 22466 ta ma’muriy ishlar ko‘rilib, qaror chiqarilgan. Jumladan, 21648 nafar shaxsga jarima jazosi, 273 nafar shaxsga nisbatan maxsus huquqdan mahrum qilish, 4848 nafar shaxsga ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Ma’muriy ishlar bo‘yicha 41 milliard 77 million so‘m jarima jazosi tayinlanib, 23 milliard 376 million so‘mi ixtiyoriy to‘lanishiga erishilgan.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman va shahar sudlari birinchi instansiyasida 38236 ta fuqarolik ishi ko‘rilib, 29745 ta da’vo qanoatlantirilgan. 4371 ta da’vo rad qilindi va 2840 ta ariza ko‘rmasdan qoldirildi.
Nikohdan ajratish bilan bog‘liq 6942 ta fuqarolik ishining 3616 tasi qanoatlantirilgan bo‘lsa, 2617 ta da’vo rad etildi.
Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati hamda shahar, tumanlararo iqtisodiy sudlari tomonidan 13692 ta iqtisodiy ishlar mazmunan ko‘rilib hal etilgan. Shundan 12033 ta da’vo qanoatlantirilib, 1341 ta da’vo rad qilingan, 184 ta da’vo ariza ko‘rmasdan qoldirilgan. Ko‘rilgan ishlar soni 2020 yilga nisbatan 5942 taga ko‘paygan.
Samarqand viloyati ma’muriy sudi raisi T.Fayziyevning axborotida keltirilishicha, viloyat hamda tumanlararo ma’muriy sudlari tomonidan 2021 yilda ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan 1148 ta ma’umuriy ish ko‘rib tamomlangan.
– Tamomlangan ma’muriy ishlarning 360 tasi qanoatlantirildi, 585 tasi rad etildi va 108 tasi ish yuritishdan tugatildi, – deydi T.Fayziyev. – Ko‘rilgan ishlarning 418 tasi tuman, shahar hokimliklarining qarorlarini haqiqiy emas deb topish, 269 tasi esa tuman, shahar hokimliklariga majburiyat yuklash bilan bog‘liq bo‘ldi. Yil davomida davlat organlari, korxona va tashkilotlar tomonidan yo‘l qo‘yilgan qonun buzilishlarini bartaraf etish maqsadida 68 ta xususiy ajrim chiqarildi.
Brifing yakunida sud raislari jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.