Sud-huquq tizimida nimalar o‘zgardi
Mamlakatimizda sud-huquq sohasida tub o‘zgarishlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Xususan, Nazorat instansiyasining tugatilishi munosabati bilan 2021 yil 12 yanvar kuni qabul qilingan qonunlarga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi, Fuqarolik protsessual kodeksi, Iqtisodiy protsessual kodeksi, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga sud qarorlarini qayta ko‘rish institutini takomillashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish hamda qo‘shimchalar kiritildi.
“Bir sud – bir instansiya” tamoyili asosida tumanlararo, tuman (shahar) sudlarining qarorlarini viloyat darajasidagi sudlar tomonidan apellyasiya tartibida, apellyasiya tartibida ko‘rilgan sud qarorlarini esa Oliy sud tomonidan kassatsiya tartibida qayta ko‘rib chiqish, kassatsiya tartibida ko‘rib chiqilgan ishlar bo‘yicha sud qarorlarini esa Oliy sud raisi, Bosh prokuror va ularning o‘rinbosarlari protestiga ko‘ra kassatsiya tartibida takroran ko‘rib chiqish belgilandi.
Ushbu qonun normalari sudlar tomonidan to‘g‘ri qo‘llanilishi va fuqarolarning shikoyat qilish huquqlari paymol bo‘lishini oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2021 yil 15 yanvardagi “Sud qarorlarini qayta ko‘rish institutining takomillashtirilishi munosabati bilan protsessual qonun normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi 1-sonli qarori qabul qilindi.
Ushbu prenum qaroriga asosan 2021 yil 13 yanvardan boshlab:
- ma’muriy sudlar ish yuritishiga qabul qilingan, biroq mazmunan ko‘rib chiqilmagan ma’muriy hukuqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar sudlovga tegishliligi bo‘yicha jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlariga o‘tkazilishi;
- ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha sud hujjatlari ustidan apellyasiya tartibida shikoyat berish instituti muqaddam mavjud bo‘lmagani va faqat 2021 yilning 13 yanvaridan joriy etilganini inobatga olib, ushbu ishlar bo‘yicha kassatsiya shikoyatlari (protestlari) apellyasiya shikoyatini (protestini) berish uchun o‘tkazib yuborilgan muddatni tiklagan holda apellyasiya tartibida ko‘rib chiqilishi;
- sud muhokamasi boshlanmagan (ish yuritishga qabul qilish masalasi hal etilmagan) nazorat shikoyatlari (protestlari), agar ularni qaytarish yoki ish yuritishga qabul qilishni rad etish uchun boshqa asoslar mavjud bo‘lmasa, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining tegishli sudlov hay’atlari tomonidan kassatsiya tartibida ko‘rib chiqilishi;
- O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasining nazorat shikoyatini ko‘rib chiqish uchun sudlov hay’atiga o‘tkazishni rad etish to‘g‘risidagi ajrimining mavjudligi belgilangan muddatlar doirasida kassatsiya shikoyati (protesti) bilan murojaat qilish uchun to‘sqinlik qilmasligi;
- Protsessual qonunlarga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga muvofiq, viloyatlar va ularga tenglashtirilgan sudlar sud hujjatlari ustidan berilgan va ushbu sudlar tomonidan sud muhokamasi boshlangan (ish yuritishga qabul qilingan) apellyasiya va kassatsiya shikoyatlari (protestlari) mazkur bosqich sudlari tegishli sudlov hay’atlari tomonidan mazmunan ko‘rib tugallanishi;
- Viloyatlar va ularga tenglashtirilgan sudlar sud hujjatlari ustidan berilgan bo‘lib, ular bo‘yicha sud muhokamasi boshlanmagan (ish yuritishga qabul qilish masalasi hal etilmagan) apellyasiya va kassatsiya shikoyatlari (protestlari) apellyasiya shikoyati (protesti) bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining tegishli sudlov hay’atlariga murojaat qilish huquqi tushuntirilgan, apellyasiya shikoyati (protesti) berish muddatlari o‘tib ketgan holda esa, apellyasiya shikoyatiga (protestiga) shikoyat (protest) berish muddatini tiklash to‘g‘risidagi iltimosnomani ilova qilish zarurati tushuntirilgan holda arizachilarga qaytarilishi;
- apellyasiya yoki kassatsiya shikoyati (protesti) berish muddatini tiklash to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqishda qonunlarga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar muddatni o‘tkazib yuborishda uzrli sabab bo‘ladigan holat sifatida tan olinishini belgilandi.
Shuningdek, 2021 yil 13 yanvarga qadar qabul qilingan kassatsiya instansiyasi sudining qarorlari va ajrimlarini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish, sud hujjatini o‘zgartirgan yoki yangi qaror qabul qilgan tegishli viloyat va unga tenglashtirilgan sud tomonidan ko‘rib chiqilishi, kassatsiya instansiyasi sudi hujjati bekor qilingan holda, ish shu sud tomonidan apellyasiya tartibida ko‘rib chiqiladi.
Shu bilan birga fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga 2021 yil 13 yanvarga qadar berilgan (aloqa bo‘linmalariga topshirilgan), biroq sud muhokamasi boshlanmagan (ish yuritishga qabul qilish masalasi hal etilmagan) bunday toifadagi ishlar bo‘yicha da’vo arizalari sudlovga tegishliligi bo‘yicha iqtisodiy sudga o‘tkazilishi belgilandi.
Navro‘za MAMASOLIYeVA.