Sayyor uchrashuv samarali bo‘ldi
Sud-huquq islohotlarining bugungi talablari asosida aholi bilan uchrashuvlar, sayyor sud jarayonlari odatiy tusga kirdi. Chunki bu tadbirlarning huquqiy targ‘ibotdagi samarasi ancha yuqori. Aholi uchun ham qulayliklari ko‘p, ular sud-huquq masalalariga oid muammolari, savollari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qilishi va aniq javoblar olishi mumkin.
Samarqand viloyat sudi raisining o‘rinbosarlari - jinoyat ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi T.Bayzakov, fuqarolik ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Z.Allabayev va iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Sh.Mamadiyarov Urgut tumani aholisi uchun sayyor qabul o‘tkazdilar.
Fuqarolar bilan uchrashuvda viloyat sudi raisi o‘rinbosarlari mamlakatimizdagi bugungi siyosiy-ijtimoiy vaziyat, davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, sud-huquq tizimidagi so‘nggi yangilik va o‘zgarishlar haqida, shuningdek, mazkur sayyor qabulni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad haqida batafsil tushuncha berishdi. Keyingi yillarda ko‘plab tashkil etilayotgan sayyor qabullarning samarali bo‘layotganligi, odamlarning muammolari yechim topayotganligi haqida misollar bilan gapirib, yig‘ilganlarni sayyor qabulda faol bo‘lishga chaqirdilar.
Shundan so‘ng alohida-alohida qabullar boshlandi. Fuqarolar o‘zini qiynayotgan muammosi yuzasidan tegishliligi bo‘yicha viloyat sudi raislari qabulida bo‘ldi. Har bir murojaatga alohida e’tibor qaratildi.
Urgut tumani, Sariqtepa mahallasida yashovchi Q. Boboqulov sudyalikka o‘tish tartibi bo‘yicha murojaat qildi. Unga batafsil tushuncha, yo‘nalish va maslahatlar berildi. Uy-joy, aliment, nafaqa, vasiylik va homiylik kabi 30 ga yaqin murojaatlar tinglanib, tegishli huquqiy tushuntirishlar berildi. Shuningdek, aholining sud-huquq masalalari bo‘yitcha savollariga ham batafsil javob berildi.