Soxta ishlardan qachon xalos bo‘lamiz?
Kattaqo‘rg‘on tuman Adliya bo‘limi fuqaro D.Husainova (ism va familiyasi o‘zgartirilgan) manfaatida tug‘ilganlik holatini belgilash bo‘yicha sudga murojaat bilan chiqqan edi, deb yozmoqda “Kattaqo‘rg‘on haqiqati”.
Ushbu murojaat bo‘yicha Fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudi ishni ko‘rib chiqdi. Aniqlanishicha, ayol 1993 yilda uy sharoitida qiz farzand ko‘rgan, hozirda qizi 25 yoshda bo‘lib, shu kunga qadar tug‘ilganlik haqida guvohnoma olmagan. U yetishmovchilik sababli vaqtida farzandiga tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma ololmagan. Hozirgi paytda qizi maktabni va kollejni ham tugatgan. Farzandiga tug‘ilganlik haqida guvohnoma olishligi zarurligi sababli u Kattaqo‘rg‘on tuman FHDYo bo‘limiga murojaat qilgan, bo‘lim mutasaddilari unga fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qilishligini tushuntirgan. Shu sababli D.Husainova 1993 yil 7 mart kuni tug‘ilgan qizining tug‘ilganligini belgilashni so‘ragan.
Da’vo arizasiga ilova tariqasida Kattaqo‘rg‘on tumani Zarafshon QVP mudirasi R.Nurmonova va Kattaqo‘rg‘on tumani tibbiyot birlashmasi nomidan A.Gapparov va Kattako‘rpa MFY raisi va guvohlar tomonidan tuzilgan dalolatnoma hamda tibbiy ma’lumotnoma taqdim etilgan.
Ish arizachining farzandi o‘qigan Kattaqo‘rg‘on tumani 53-sonli maktabda sayyor sud majlisida ko‘rildi. D.Husainovaning farzandi N.Husainovaga Kattaqo‘rg‘on tuman xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 53-sonli maktabdan umumiy o‘rta ta’lim shahodatnomasi berilganligi aniqlandi. Ushbu shahodatnomada bolaning tug‘ilgan kuni 10.03.1993 yil ekanligi va tug‘ilgan joyi esa Turkmaniston Respublikasi, Asfanskiy viloyat, Chorjuy shahri ekanligi qayd etilgan.
07.02.2019 yilda maktab ma’muriyati tomonidan tuzilgan dalolatnomada sobiq o‘quvchi N.Husainovaga shahodatnoma berilganligini, uning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi bor bo‘lib, Turkmaniston Respublikasida tug‘ilganlik haqidagi ma’lumotlarni Zarafshon aholi massividagi kasb-hunar kollejiga topshirilganligi ma’lum qilingan.
Mazkur holatlardan so‘ng Kattaqo‘rg‘on tumani Zarafshon QVP mudiri va tuman tibbiyot birlashmasi mutaxassislari o‘z ko‘rsatmalarini o‘zgartirib, tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan tuzilgan dalolatnoma va tibbiy ma’lumotnomalarni ushbu fuqaroni uy sharoitida 1993 yil 7 martda tug‘ilganligi qayd etilgan ma’lumotnomalar tegishli guvohlarning ko‘rsatmalariga asosan asossiz to‘ldirilganligini, qilgan ishidan pushaymonligini va ushbu ma’lumotlarni sud tomonidan hujjat sifatida qabul qilmaslikni so‘ragan.
Sudning hal qiluv qarori bilan Kattaqo‘rg‘on tuman Adliya bo‘limining fuqaro D.Husainova manfaatida uy sharoitida tug‘ilgan faktini belgilash haqidagi da’vo arizasi o‘z isbotini topmaganligi va fuqaroning murojaatlari asossiz ekanligi sababli da’vo arizasini qanoatlantirish rad etilgan.
Shuningdek, Zarafshon QVP mudiri, tuman tibbiyot birlashmasi hamda Kattako‘rpa MFY raisining xatti-harakatlariga tegishlicha baho berib, noqonuniy tuzilgan dalolatnoma va tibbiy ma’lumotnomalarga D.Husainovaning manfaatlarni ko‘zlab xususiy ajrim chiqarilgan.
Mahalla raisi, Zarafshon QVP mudirasi, Markaziy shifoxona statist metodisti, dalolatnoma, tibbiy ma’lumotnomalarga soxta ma’lumotlar kiritganliklari holatida O‘zbekiston Respublikasi JKning 209-moddasida nazarda tutilgan jinoyat alomatlari hamda fuqaro D.Husainovaning xatti-harakatlarida O‘zbekiston Respublikasi JKning 237-moddasida nazarda tutilgan jinoyat alomatlari bordek ko‘rinsada, biroq ular o‘zaro jinoiy til biriktirmaganligini, g‘arazgo‘ylik va boshqa manfaatlarni ko‘zlamaganliklarini, bir-biridan moddiy va ma’naviy manfaatdorlik bo‘lmaganligi sababli jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad etildi.
Kamol NAMAZOV,
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudi raisi.