Kimlarni koronavirusga qarshi emlash taqiqlanadi?
Ushbu savolga AOKAda o‘tkazilgan brifingda Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Nurmat Otabekov javob berdi:
COVID-19ga qarshi emlashga monelik (to‘siq) qiluvchi holatlar:
▪️ vaksinaning komponentlariga yuqori sezgirligi bo‘lgan shaxslar;
▪️ anamnezida og‘ir allergik reaksiyalari bo‘lgan shaxslar;
▪️ o‘tkir yuqumli va yuqumsiz kasalliklar bilan kasallanganlar;
▪️homilador va emizuvchi ayollar;
▪️ 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar;
▪️OIV infeksiyasiga chalingan shaxslar;
▪️ koronavirus infeksiyaning o‘tkir shakli simptomlari bo‘lgan bemorlar, laboratoriyada COVID-19 musbat natija bergan, biroq klinik belgilari kuzatilmayotgan shaxslar va koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan shaxslar, karantin muddati tugaganidan so‘ng emlanadilar.
Barcha turdagi emlashlarni amalga oshirishdan avval, shifokor emlanuvchi shaxsda allergik reaksiyalar bor yoki yo‘qligiga aniqlik kiritadi va oldingi emlashlardan so‘ng og‘ir allergik reaksiyalar kuzatilgan bo‘lsa, u holda emlashdan tibbiy cheklov beriladi.
Shaxsga qon va uning komponentlari quyilgan taqdirda COVID-19ga qarshi emlash:
▪️eritrotsitar yoki leykotsitar massa quyilganida 6 oydan keyin;
▪️trombotsitar massa yoki plazma quyilganida 7 oydan keyin;
▪️immunoglobulin yuborilgan holatda koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash immunoglobulin yuborilganidan 3 oydan keyin;
▪️grippga qarshi emlangan bo‘lsa - 1,5 oydan keyin;
▪️boshqa turdagi vaksina, immunoglobulin, zardob va anatoksinlar bilan emlangan taqdirda 1 oydan keyin amalga oshirilishi kerak.