Kimyoviy tozalash vositalari xavflimi?

Kimyoviy tozalash vositalari doimiy ro‘zg‘or ro‘yxatlaridan o‘z o‘rnini egallab ulgurgan. Uy yumushlarining har biri uchun kimyoviy vositalar mavjud. Axir, stoldan yog‘li dog‘ni ketkazish uchun faqat nam sochiq yetarli emas. Idishlarni yuvish, yuvinish xonasi, hojatxona, pol, plitkalarni tozalash uchun vositalar deyarli hamma uyda bor. Mutaxassislar biz ishlatadigan yuvish vositalaridan to‘g‘ri foydalanish haqida aytib berishdi.

Allergiya keltirib chiqarish, qo‘l va yuz terisiga jiddiy zarar yetkazishining oldini olish uchun kimyoviy moddalar yordamida yuvilgan idishlarni kamida 20 soniya davomida toza suvda chayish kerak. Suv hisoblagich millari g‘izzillab aylanib turganda hamma uy bekalari bu qoidaga amal qilarmikan?

Shuningdek yana bir muhim eslatma: oshxona va yuvinish xonalarini kimyoviy vositalar bilan yuvish uchun siz nafaqat rezina qo‘lqop, balki toksinlar nafas yo‘llariga kirmasligi uchun niqobda, ko‘z sohasini ehtiyotlash uchun ko‘zoynakda ham bo‘lishingiz kerak.

Xlorli tarkibli mahsulotni faqat mo‘ljallangan maqsadda va qo‘lqoplardan foydalangan holda qo‘llash zarur. Agar bunga rioya etmasangiz yoki xlor va kislotali tozalash vositalarini aralashtirsangiz, teringiz zarar ko‘rishi va hatto zaharlanish xavfi bor. Shuning uchun bir turdagi tozalash vositasiga boshqa bir xilini aralashtirmang.

Havo tozalagichlar

Uyning xushbo‘y hidini ta’minlovchi bu vosita ham salomatlik uchun xavfli ekan. Bunday havo spreylari qichitish, nafas olishning qiyinlashuvi va boshqa jiddiy muammolarni keltirib chiqaradigan uchib yuruvchi organik birikmalar manbai. Ularda formaldegid mavjud bo‘lib, markaziy asab tizimining shikastlashi, gormonlar o‘zgarishi, o‘pka va yurak-qon tomir tizimlarini shikastlashi mumkin. Deyarli keraksiz zararli ashyo. Ozoda va tez-tez shamollatib turilgan uyda sun’iy iforlarga hojat qolmaydi.

Pech uchun tozalash vositalari

Vositada natriy gidroksid mavjud. Bu teri va ko‘zlar uchun o‘ta xavfli. Himoya qo‘lqopisiz materialga shunchaki teginish jiddiy shikastlanishga sabab bo‘lishi, ko‘zga tushganda ko‘rlikka olib kelishi mumkin.

Ammiakli tozalagichlar

Ammiak oshxona va hammom tozalagichlari, shisha va mebel tozalagichlari tarkibida mavjud. U nafas yo‘llarida suv bug‘lari bilan osongina aralashib, burun, tomoq va og‘izning shilliq pardalarini zararlaydi. Agar mahsulot tarkibida ammiak 5 foizdan ortiq bo‘lsa, u xavfli hisoblanadi.

Unitaz tozalagichlari

Ushbu mahsulotlar ko‘pincha xlorid kislotali bo‘ladi, bu esa himoyalanmagan teriga jiddiy zarar yetkazadi.

Ko‘zgu va va oynalar uchun tozalagichlar

 2-butoksiyetanol ko‘plab oyna yuvish vositalarining asosiy tarkibiy qismi bo‘lib, ularga o‘ziga xos shirin hid beradi. Bu o‘pka shishi, jigar va buyraklarning jiddiy shikastlanishiga olib keladigan "glikol efirlari" toifasiga kiradi. Cheklangan joyda, masalan, shamollatilmagan hammomda qo‘llash xavfli.

Oq kiyimlar uchun oqartirgichlarning hidsiz, kislorodlisini tanlang.

Idish-tovoq uchun vositalar

Mahsulot ishlab chiqaruvchilar reklama roliklar orqali idish yuvish vositalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri idishga yoki yuvgichga quyishni tashviqot qilishadi. Aslida bu xato. Bunda yuvish vositasi tez tugab qolishidan tashqari idishlarda kimyoviy moddalar saqlanib qolishi va taom orqali odam organizmiga tushishi xavfi ortadi. Yuvish vositalari bo‘sh idishga solinib, teng miqdorda sovuq suvga aralashtirilib ishlatilishi ham jonga, ham hamyonga foyda.

Iloji bo‘lsa ularni doimiy qo‘llamang. Buning o‘rniga idishlar ishlatilgandan keyin darhol issiq suvda yuving.

Kimyoviy vositalarining zararini qanday kamaytirish mumkin?

Agar bunday vositalardan butunlay voz kecha olmas ekansiz foydalanish bo‘yicha ko‘rsatmalarga qat’iy rioya qiling. Shaxsiy himoya vositalaridan (qo‘lqoplardan) foydalanishni e’tiborsiz qoldirmang. Bundan tashqari, tozalashdan keyin xonani albatta shamollating. Uy tozalash vositalarini sotib olayotganda, yorliqlarni o‘qishni unutmang. Shunda bu vositalar sizning foydangizga ishlaydi.

Yosh bolali xonadonlarda o‘ziga jalb qiluvchi chiroyli flakonlardagi tozalash vositalarini saqlamang. Farzandlaringizga ularning ta’sirini tushuntiring.