Kirov viloyati bilan hamkorlikning kelgusi istiqbollari muhokama etildi (video)

O‘zbekistonning Qozon shahridagi bosh konsuli Fariddin Nasriyev 28 oktyabr kuni ishchi tashrif bilan Kirov viloyatida bo‘ldi.

Rossiya ommaviy axborot vositalari xabariga ko‘ra, Kirov viloyati hukumati raisi Aleksandr Churin bilan uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston va Kirov viloyati o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarning bugungi holati va kelgusi istiqbollari muhokama etildi.

Jumladan, ikki tomon savdo aylanmasini kengaytirish, tadbirkorlarning hamkorligini yanada mustahkamlash masalalari haqida so‘z yuritildi.

– O‘zbekistondan qishloq xo‘jalik mahsulotlari va boshqa tovarlar olib kelmoqchi bo‘lsangiz yoki O‘zbekistonga o‘zingiz ishlab chiqarayotgan tovarlarni sotmoqchi bo‘lsangiz, marhamat, konsulligimiz bu borada sizni qo‘llab-quvvatlashga va amaliy yordam berishga tayyor, – dedi F.Nasriyev Kirov viloyati hukumati a’zolari va tadbirkorlar bilan uchrashuv chog‘ida. – Shuningdek, investitsiyaviy hamkorlik bo‘yicha ham davlatimiz sizga zarur shart-sharoit va imkoniyat yaratib beradi.

F.Nasriyev O‘zbekiston va Kirov viloyati o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslarni tashkil etish, avtobus qatnovlarini yo‘lga qo‘yish mumkinligi haqida ham o‘z fikrlarini bayon etdi.

O‘z navbatida, Aleksandr Churin O‘zbekiston mintaqalari va Kirov viloyati o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik ko‘lamini kengaytirish va yanada rivojlantirish mumkinligini ta’kidlab, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish zarurligini qayd etdi.

Bosh konsul Kirov viloyatidagi oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar bilan ham uchrashdi.