Kitobga, she’riyatga oshno bo‘lgan yurakka yovuzlik, jaholat, baxillik in qura olmaydi
Jomboy tumani Qangli mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan Madaniyat saroyida “Kitob – xalqning yuragi” mavzusida tadbir o‘tkazildi.
Uchrashuvda taniqli shoir Bobur Bobomurod, Muqimiy nomidagi o‘zbek davlat musiqali drama teatri aktyori Umid Shodmonov, “O‘zbekiston” nashriyoti direktori Umidjon Hayitov hamda shoir Shavkat Odiljon hamda mahalliy ijodkorlar, OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan tuman hokimi Qayum Sobirov keyingi yillarda Jomboyda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy loyihalar natijasi, odamlarning turmush tarzini yanada yaxshilash yuzasidan olib borilayotgan ishlar, yosh ijodkorlarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik haqida to‘xtaldi.
– Shiddat bilan o‘zgarayotgan shu davrda yoshlarda yangicha tafakkur, dunyoqarashni shakllantirish, ularni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalash katta ahamiyat kasb etadi, - dedi shoir Bobur Bobomurod. – Bu jarayonda esa kitobning, xususan, badiiy adabiyotning o‘rni beqiyos. Zero, kitobga, she’riyattga oshno bo‘lgan yurakka yovuzlik, jaholat, baxillik in qura olmaydi. Unda faqat yaxshilik va ezgulik kurtak otadi.
Uchrashuvda shoirlar Vatan, Ona, Navro‘z, Istiqlol, muhabbatni madh etuvchi she’rlaridan namunalar o‘qidilar. Aktyor Umid Shodmonovning chiqishi tadbirga bayramona ruh bag‘ishladi.
Yormamat Rustamov.