Kitoblar kamolotga yetaklaydi
Kitob aql va tafakkur mahsuli. U barcha zamonlarda aql va ma’naviyat chirog‘i sifatida ulug‘lanib kelingan. Kitobga bo‘lgan mehr-muhabbat insonga bolalikdan shakllantirilishi kerak. Shuning uchun ham barcha xalqlar bolalar uchun turli qiziqarli kitoblar nashr etadi. Hatto har yili 2 aprelni Xalqaro bolalar kitoblari kuni sifatida nishonlab keladi.
1967 yildan beri mazkur sana Xalqaro bolalar kitoblari kuni sifatida bayram qilinadi. Bolalarning sevimli yozuvchisi Xans Kristyan Andersan shu kunda dunyoga kelgan. Shuning uchun ham Xalqaro bolalar kitoblari kengashi tomonidan 2 aprelni bolalar kitoblari kuni sifatida nishonlashga kelishilgan.
Samarqand viloyat bolalar kutubxonasida mazkur sana munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda bolalar tomonidan she’r, qo‘shiq va ashulalar ijro etildi. Shuningdek, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Samarqand viloyat bo‘limi rahbari, shoir Toshpo‘lat Tugalovning “Surur” va “Umr karvoni” kitoblarining taqdimoti o‘tkazildi. Yosh kitobxonlarga ushbu asarlarning mazmuni tushuntirildi.
Albatta, bunday madaniy-ma’naviy tadbirlar kelajagimiz egalari bo‘lgan yoshlarimizning bolalar va jahon adabiyotiga qiziqishi va mehrini oshiradi. Ularning tafakkur va dunyoqarashining kengayishiga yordam beradi.
A.AShUROV.