Ko‘pkarining hikmati nimada?

Erta tongdan Payariq tumanining Ko‘lto‘sin kenglik­la­ri uz­ra taralgan kar­nay-surnay sadolari bar­chani Navro‘z sayli tomoshalariga chorladi. Sakson, to‘qson yoshni qoralagan bobolardan boshlab, endigina so‘zlashayotgan jajji bolajonlar ham Navro‘z saylida tashkil etilgan ko‘pkari, kurash, chillak, (lanka), arqon tortish kabi milliy o‘yinlar tomon oshiqdi.

- Xalqimiz Navro‘z bayramini qadim zamonlardan buyon yangi yilning boshlanishi, deb quvonch bilan qarshi olishgan, - deydi Ko‘lto‘sin MFY raisi Qahramon Qarshiboyev. – Ovullarimizda bahor fasli kirib kelishi bilan Navro‘z bayramiga tayyorgarlik ishlari boshlab yuboriladi. Navro‘z nafaqat yangi yil, balki mehnat, dehqonchilik ishlarini boshlash bayrami ham sanalgan. Shu bois bahorning birinchi oyida yilboshi o‘tkaziladi. Unda barcha otaxonu onaxonlar yilning qutlug‘ kelishini tilab, duoga qo‘l ochishadi. Kelgusidagi ishlar belgilab beriladi. Ariqlarning tozalanishi, ekin-tikinlarni sug‘orishdagi navbatlar kelishib olinadi. Otar-otar molu qo‘ylarga cho‘pon tayinlanadi. Qishloq ayollari esa sumalak pishirib, butun elga tarqatishadi.

Barchaning e’tibori ko‘pkarida. Tuyoqlarini yerga zarb bilan bosgan otning kishnashi-yu, yoshlarning hayqirig‘i, uloqni taqim ostiga olgan chavandozning otga qamchi bosishidan eshitilgan tovush har bir er yigitni o‘ziga tortadi. Men ham chavandozlarning metin irodasini ko‘rish, uloqni chortoqqa halol tashlashda jonbozlik ko‘rsatayotgan polvonlar bilan suhbatlashish maqsadida ular tomon shoshildim. “Navbatdagi jalov (sovrin) qo‘chqor”, - deya bakovul (hakam) chavandozlarni maydonga chorladi.

- Ko‘pkari ajdodlarimizdan qolgan milliy meros, - deydi nakurtlik polvon Turg‘un Nurmuhammedov. - Chayir, uchqur samanlar pahlavonlarni mardlik, halollik va shijoatga undaydi. Azaldan faqat yura­gida o‘ti bor, g‘ururi baland yigitlar­gi­na uloq chopish uchun dav­raga tushganlar. Chavandoz yigitning or-nomusi, g‘ururi ot hisoblanadi. Chaqqonlik, chapdastlikni o‘rgatadi. Polvonlik suyak surganidek, chavandozlik ham otadan o‘g‘ilga, bobodan nabiraga meros qolarkan. Shu bois olti yoshimdan boshlab otam bilan ko‘pkarilarda ishtirok etganman. Biz oilamiz bilan ot ishqibozimiz. Bugun esa o‘g‘lim chavandoz. Nabiram ham otasi izidan bormoqda.

Navro‘z sayillarida o‘tkazilgan ko‘pkarilarda hikmat ko‘p. Bunda kishilar niyat ³ilib, jalov (sovrin) ataydi, otga mehr qo‘yadi. Bunday insonlar yomonlikdan yiroq bo‘ladi. Necha yuzlab bedovlarning shiddatiyu dukuri, havoda qamchi o‘ynatgan chavandozlaru tomoshabinlarning qiyqirig‘i tugashi bilan ot ishqibozlarining otlar haqidagi azaliy bahslari qayta jonlanadi. Kimning oti chopqiru kimning oti toza nasldan ekani haqidagi tortishuvlar doimiy mavzuga aylangan.

Navro‘z sayillari xalqimizga ana shunday mehr-oqibat, kuch, ezgu maqsadlar yo‘lida birdamlik hadya etadi.

Bahriddin XONKELDIYeV.

Baxtiyor MUSTANOV olgan suratlar.