«Kobalt» va tez tibbiy yordam mashinasi ishtirokidagi YTHda bir kishi vafot etdi

Joriy yilning 26 iyul kuni Namangan shahrida yashovchi fuqaro o‘ziga tegishli bo‘lgan «Kobalt» rusumli avtomashinani maxsus stiker orqali Olmazor ko‘chasida boshqarib ketayotgan bo‘lgan.

Namangan viloyati IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, u harakat xavfsizligini ta’minlay olmay, qarama-qarshi tomondan kelayotgan «Damas» rusumli tez tibbiy yordam mashinasiga borib urilgan.

Oqibatda «Kobalt» haydovchisi ko‘krak qafasi yumshoq to‘qimasi lat yeyishi bilan shikastlangan. Tez tibbiy yordam mashinasi haydovchisi esa og‘ir qo‘shma shikast, bosh miya yopiq shikasti, o‘ng oyoq son suyagining yopiq sinishi tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Tez tibbiy yordam avtomashinasida yo‘lovchi sifatida ketayotgan fuqaro og‘ir tan jarohati olib, ko‘rsatilgan tez tibbiy yordamga qaramay, shifoxonada vafot etgan. 

IIV axborot xizmati xabariga ko‘ra, hozirda holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.