Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ko‘hna kentning Alisher Navoiy ko‘chasi yangicha qiyofada

Samarqand shahrida jami 1821 ta ko‘cha mavjud bo‘lib, ularning umumiy uzunligi 848,06 kilometrni tashkil etadi. Shundan 444,6 kilometri shaharning markaziy ko‘chalari bo‘lsa, 403,4 kilometri ichki ko‘chalardir.

2021 yilda Samarqand shahar hokimligi obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan jami 13,8 kilometrlik yo‘l ta’mirlandi. Shundan 11,9 kilometr mahalla ichki ko‘chalari bo‘lib, 2,1 kilometr avtomagistral yo‘llar ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi.

Bundan tashqari, Samarqand shahrida 20 kilometr piyodalar yo‘lagi yangidan bunyod etildi. "Obod mahalla" davlat dasturi doirasida 13 kilometr piyodalar yo‘lagi qurilib, 13,8 kilometr irrigatsiya tarmog‘i kuz-qish mavsumiga tayyorlandi.

Alisher Navoiy ko‘chasi Samarqand shahrida piyodalar uchun mo‘ljallangan aholi gavjum ko‘chalardan biri. Bu ko‘cha Universitet xiyoboni ko‘chasi bilan tutashgan qismidan Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi bilan kesishmasiga qadar to‘liq ta’mirlandi. 

Bu yerda “SXF SAMARQAND CITY STROY” MChJ tomonidan ta’mirlash ishlari olib borilgan. Ko‘chaning umumiy uzunligi 1,5 kilometr. Ko‘chada 26 milliard 560 million so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan.

Ko‘cha yangicha qiyofaga kirishi uchun to‘liq ko‘kalamzorlashtirilib, zamonaviy o‘rindiqlar, turli xil chiroqlar o‘rnatildi. Shuningdek, favvora va dekorativ o‘simliklar tashkil qilindi.

Asosiysi, Alisher Navoiy va Amir Temur ko‘chasi kesishmasida joylashgan va 16 yil avval ko‘mib yuborilgan yer osti yo‘li qayta ochildi va to‘liq ta’mirlanib, aholi xizmatiga topshirildi.

Ochilish marosimida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov ishtirok etib, jamoatchilik vakillari bilan birga ko‘cha bo‘ylab piyoda yurdi.

Ko‘cha bo‘yida viloyat musiqali drama teatri simfonik orkestri, viloyat rus drama teatri aktyorlarining chiqishlarini tomosha qildi. Shu ko‘chada joylashgan viloyat qo‘g‘irchoq teatri jamoasi tomonidan sahnalashtirilgan tomosha ham tadbir ishtirokchilarining e’tiborini tortdi.