Kollej va texnikumlarga 25 avgustdan 25 sentyabrga qadar abituriyentlarning hujjatlari onlayn qabul qilinadi
2020-2021 o‘quv yilidan boshlab viloyatda 37 ta kasb-hunar maktabi, 15 ta kollej va 22 ta texnikum faoliyat yuritadi.
Professional ta’lim muassasalarida ehtiyojga asoslangan kadrlar tayyorlashni tashkil etish maqsadida, hududlardagi korxona va tashkilotlarda 2022-2025 yillar uchun kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj o‘rganildi va talabnomalar tahlil qilindi.
2020-2021 o‘quv yili uchun:
– 37 ta kasb-hunar maktablariga 634 ta korxona va tashkilotlarga zarur bo‘lgan 11 ming 442 ta ish o‘rinlari uchun buyurtmalar asosida 51 ta kasb bo‘yicha 7 ming 380 ta qabul rejasi;
– 5 ta kollejlarga 197 ta korxona va tashkilotlarning buyurtmalari asosida 24 ta mutaxassislik bo‘yicha 2 ming 250 ta qabul rejasi;
– 22 ta texnikumlarga 421 ta korxona va tashkilotlarning 5 ming 210 ta ish o‘rinlariga buyurtmalar asosida 96 ta mutaxassislik bo‘yicha 9 ming 595 ta qabul rejasi shakllantirildi.
2020 yil 5 iyuldan 20 iyulga qadar viloyatda 37 ta kasb-hunar maktablariga umumta’lim maktablarining 8 ming 820 nafar 9-sinf bitiruvchilari 51 ta kasb bo‘yicha ariza bilan murojaat qilishdi. Kasblar bo‘yicha arizalarni tahlil qiladigan bo‘lsak, eng ko‘p ariza “Avtomobillarni ta’mirlash chilangari” yo‘nalishiga 1841 ta, “Tikuvchilik”ka 1528 ta, “Traktorchi-mashinist” kasbi bo‘yicha 651 ta, “Elektromontyorlik”ka 513 ta, “Avtomobil dvigatellarini qismlarga ajratish va yig‘ish chilangari” - 510 ta, «Payvandlovchi» yo‘nalishiga esa 507 ta ariza qabul qilindi.
2020-2021 o‘quv yili uchun kollejlar va texnikumlarga joriy yilning 25 avgustidan 25 sentyabriga qadar abituriyentlarning hujjatlarini onlayn qabul qilishni tashkil etish belgilandi.
Shu yilning 20 avgustidan 1 oktyabrga qadar abituriyentlar va ularning ota-onalarini qiziqtirgan savollarga javob qaytarish maqsadida murojaatlar markazi (“Call senter”) faoliyat yuritadi. Markaz yakshanbadan tashqari haftaning har kuni soat 09:00 dan 18:00 gacha ishlaydi.
Yangi tizimda ishchi kuchi mehnat bozori o‘zgarishlariga moslashib keta olish imkoniyati paydo bo‘ladi. Oldingi mavjud tizimda, ta’lim olgan shaxsning bilim, malaka, ko‘nikmasi qaysi darajada ekani diplomda aniq ko‘rsatilmas edi. Masalan, elektromontyor kasbining bir nechta darajalari bor, lekin umumiy tarzda «elektromontyor» deb yozilgan diplom berilgan. Bu esa shu diplomga ega shaxsning chet elda kvalifikatsiyasiga mos ish topishida qiyinchiliklar keltirib chiqargan.
Bundan tashqari, endi informal ta’lim olgan yoshlarga ham hujjat berish mumkin bo‘ladi. Bizda ko‘pchilik kollejlarga borib emas, hunarmandga shogird tushib, turli kasblarni egallashadi. Masalan, sartarosh yoki oshpaz bo‘lishni xohlagan yoshlar sartaroshxonada kasb o‘rganib, kompetensiyalarni baholash markazlarida imtihon topshirib, sertifikat olib ishlashi mumkin bo‘ladi.
Azizbek Nasimov,
Samarqand viloyati kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarma boshlig‘i.