Komadan uyg‘ongan yigit o‘z ona tilini unutdi
Bu voqea 2014 yilda Avstraliyada sodir bo‘lgan. 22 yoshli Ben Makmaxonning mashinasi qizil chiroqqa o‘tib ketgan yuk mashinasiga borib urildi. Shifokorlar uning miyasi chayqalgani va o‘nga yaqin suyaklari singanini aytishdi. Kasalxonada u bir hafta komaga tushib qoldi, shundan so‘ng yana bir hafta hushsiz yotdi.
Hushiga kelgach, Ben birdan xuddi o‘z ona tili - ingliz tilida gapirgandek xitoycha gapirib ketdi.
Avstraliyalik yosh fuqaro maktabda xitoy tili kurslarida qatnagan, lekin hali bu kurslarni tamomlamagan edi. Ben uyg‘onganida, u hamshiraga xitoy tilida murojaat qilib, undan qog‘oz va qalam so‘radi. Unda yigit ota-onasiga ularni yaxshi ko‘rishini va albatta, oyoqqa turishini aytib, ta’sirli so‘zlarni yozdi.
Atrofidagilar Benning bir so‘zini ham tushunolmas edi. Bundan tashqari, Ben faqat shu tilni tushunardi va ingliz tilida emas, balki xitoy tilida fikr yuritardi. Vaqt o‘tib, yigitning o‘zi to‘satdan boshqa tilga o‘tganini o‘zi ham bilmay qolganini aytdi, chunki uning so‘zlariga ko‘ra, bu o‘z-o‘zidan sodir bo‘lgan. Bundan tashqari, u ingliz tilini umuman bilmas edi. Keyinchalik oilasi va do‘stlarini tushunish uchun u ona tilini qayta o‘rganishga majbur bo‘ldi.
Bizga Ben komadan chiqqanini aytishdi, lekin u xitoycha gapirib ketganida, biz jiddiy xavotirga tushdik, - eslaydi yigitning otasi Mark.
Ajablanarlisi shundaki, bu voqea avstraliyalik yosh yigit uchun yangi eshiklarni ochib berdi. Keyinchalik, Ben xitoy tilida gid sifatida ishlay boshladi va hatto o‘z ko‘rsatuvini olib bordi. Bundan tashqari, bugungi kunda yigit Xitoyning Shanxay shahrida yashaydi.
Olimlarning fikricha, miyasining nutq uchun javob beradigan qismi shikastlangani sababli yigit boshqa tilga o‘tgan. Nevrologlarning ta’kidlashicha, uning boshqa tilni to‘laqonli bilish qobiliyati to‘satdan paydo bo‘lgan, chunki xitoy tilini o‘rganishda miyaning chap tomoni emas, balki o‘ng yarim shari qamrab olinib, ishtirok etgan. Baxtsiz hodisa paytida Ben miyasining chap yarim shari shikastlangan va miya xitoy tili ma’lumotlari ko‘proq saqlangan o‘ng tomonga o‘tib olishga qaror qilgan.
Bu hodisa ksenoglossiya deb ataladi. U odam ongi o‘zgargan vaqt, ya’ni komada bo‘lgan paytda namoyon bo‘ladi.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.