Komil Allamjonov rasmiy bayonot bilan chiqdi: Aytilgan har bir so‘z uchun javob beriladi

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komil Allamjonov rasmiy bayonot bilan chiqdi. So‘z va fikr erkinligi, qonun ustuvorligini ta’minlash uchun axborot sohasida bo‘layotgan turli nosog‘lom jarayonlarga qarshi birlashib harakat qilish chaqirdi.

"Hurmatli ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar, ijtimoiy tarmoqlar guruh administratorlari, jamiyatdagi barcha jarayonlarga befarq bo‘lmagan fuqarolar!

Sizga yaxshi ma’lumki, Respublikamizda so‘z erkinligini ta’minlash, erkin fikr yuritish uchun huquqiy himoyani kuchaytirish, davlat idoralarining ochiqligini taminlash, blogerlik mavqeini ko‘tarish hamda barcha toifadagi OAV xodimlarini himoya qilish borasida talaygina ishlar qilindi va qilinmoqda. 

Bu ularning ommalashishiga, xalq orasida hurmat qozongan holda amalda to‘rtinchi hokimiyat darajasiga sekin-asta bo‘lsa-da ko‘tarilishiga olib kelmoqda. Bunga hammamiz guvoh bulib turibmiz. Tan olib aytish kerakki, bugun har bir smartfon egasi erta tongdanoq uyg‘onishi bilan telefoni orqali birinchi bo‘lib ijtimoy tarmoqlarga kiradi yoki yangiliklarni o‘qiydi. Va shu tariqa har birimiz, xohlaymizmi-xohlamaymizmi, axborot maydonining tasiriga tushib bormoqdamiz. Kimlardir bu maydonda ishtirokchi, kimlardir uning qurboni, kimlardir esa kuzatuvchi. Mobil telefonidan foydalanuvchilar sonining 20 milliondan ortib borayotganini inobatga olsak, axborot siyosati sohasidagi masul davlat organi bo‘lgan bizning Agentligimiz bu masalaga befarq bo‘la olmaydi va uni o‘z holiga ham tashlab qo‘yolmaydi. Chunki gap bizning davlatchiligimiz, xalqimizning tinchligi, xotirjamligi va qolaversa, davlatimiz ravnaqi haqida bormoqda.

Ahamiyat bergan bo‘lsangiz, so‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda qanday yangilik paydo bo‘lmasin, uning tagida turli munozarali bahslar, munosabatlar, fikrlar, tortishuvlar yoziladi. Bu fuqarolarimizning faollashib borayotganini ko‘rsatadi, albatta. Lekin, ming afsuki, ular orasida oxirgi paytda haqoratli so‘zlar, tuhmat gaplar, so‘kinishlar, obro‘sizlantiruvchi fikrlar keskin ko‘payib bormoqda. Bunday izohlar o‘z navbatida har bir fuqaroga salbiy ta’sir ko‘rsatib, yolg‘on ma’lumotlar shakllanishi, odamlarimiz orasida turli mish-mishlar paydo bo‘lishiga olib kelmoqda. Eng yomoni, bularning aksariyati bir guruh trollar yoki “feyk”, yani soxta akkauntlar tomonidan uyushtirilmoqda. Bularning ortida nima maqsad yotgani, bu guruhlar kimga qarashli ekani katta savol tug‘diradi.

Ming afsuski, ushbu muammo nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyo mamlakatlarining bosh og‘rig‘iga aylangan. Sizga yaxshi malumki, turli ommaviy tartibsizliklarning barchasi ushbu resurslar yordamida amalga oshiriladi. Yaqin qo‘shni davlatlar, umuman, dunyo hamjamiyati ham ushbu muammo bilan qattiq kurashib kelmoqda.

Aslida buning yechimi bitta. Bu ham bo‘lsa — jamiyatda qonun va qonun ustuvorligini taminlash hamda huquqiy bilim va madaniyatni oshirish.

Demoqchimanki, demokratiya va so‘z erkinligi — bu istalgan narsani qonunga xilof ravishda, hech qanday mas’uliyatni his qilmasdan aytaverish degani emas. So‘z erkinligi — bu avvalo qonunga amal qilish, aytilgan har bir so‘z uchun javob bera olish mas’uliyatidir.

Juda ko‘plab xorijiy davlatlarning yetakchi ommaviy axborot vositalari faoliyati o‘rganilganda aynan shu mezonga qat’iy amal qilinishini ko‘ramiz. Har bir jurnalist, bloger OAV orqali aytayotgan gapi, berayotgan ma’lumoti uchun qonun oldida javobgardir. Bu norma rivojlangan davlatlar qonunchiligida ham, O‘zbekiston Respublikasining axborot sohasiga oid qonunlarida ham qat’iy belgilab qo‘yilgan.

Bir so‘z bilan aytganda, bundan buyon har bir OAV, blogerlar, ijtimoiy tarmoqlar va mobil messendjerlardagi guruhlar moderatorlari nafaqat o‘zlari yozgan malumotlarda yuqoridagi talabga rioya qilishlari, balki belgilangan qonun asosida ular ostidagi fuqarolar, “feyk” akkauntlar yoki trollar tomonidan yozilayotgan davlat axborot xavfsizligiga tahdid soluvchi buzg‘unchi sharhlar, xaqoratli so‘zlar, tahqirlashlar, yolg‘on izohlar uchun ham qonunda belgilangan tartib asosida javobgar bo‘lishlarini eslatib o‘tmoqchimiz. Sizdan faqatgina qonunchilikdan kelib chiqqan holda, bunday ma’lumotlarni o‘tkazmaslik yoki sahifangiz ostida yozilgan bo‘lsa, uni zudlik bilan o‘chirib tashlash amaliyotini yo‘lga qo‘yish so‘ralmoqda", - dedi K.Allamjonov.