Prezidentning odatiy ish kuni qanday o‘tadi? Bu haqda Komil Allamjonov so‘zlab berdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori K.I.Allamjonov “AlterEgo” dasturida intervyu berdi. Unda u Prezident matbuot kotibi lavozimiga tayinlangani va Prezidentning odatiy ish kuni nimalardan iboratli haqida gapirdi.

J: Siz Prezident matbuot kotibi lavozimiga tayinlanganingizdan so‘ng ommaviy axborot vositalariga jiddiy kirib keldingiz. Siz matbuot kotibi etib tayinlangan kuningizni eslaysizmi?

KA: Ha. Men tog‘da edim. Menga qo‘ng‘iroq qilib: “Sen Prezidentning matbuot kotibi etib tayinlanding”, deyishgan.

J: Bu odatda qanday bo‘ladi? Bu qandaydir rezyume yuborish bilanmi yoki suhbat orqalimi? Qanday qilib odamlar muhim lavozimlarga tayinlanadi?

KA: Men bunday lavozimlarga faqat yaqin aloqalar orqali tayinlashadi yoki buning uchun pul to‘lash kerak, deb o‘ylardim doim. Chunki men shunday holatlarga o‘z ko‘zlarim bilan guvoh bo‘lgandim, men shu sohada o‘sdim va bunday ishlar qanday bo‘lishini ko‘rdim. Va shu sabab, 2012 yil edi shekilli, davlat tuzilmalarini butunlay tark etdim. Hafsalam pir bo‘lgan edi. Shunchalik sodda bo‘lgan ekanmanmi, doim “Agar yaxshi ishlasang, albatta nazarga tushasan va yuqoriga ko‘tarilasan”, deb o‘ylardim. Amalda esa bunday bo‘lmadi. Men kechayu-kunduz ishladim, necha kunlab dam olmadim. Biroq ko‘tarilmadim. Va qaysidir bir kunda meni yig‘ilishda qattiq koyishdi va davlat ishidan mening ko‘nglim qoldi, hafsalim pir bo‘ldi. Men: “Bo‘ldi, rahmat, bolalar, endi men davlat ishida ishlamayman”, dedim va ketdim.

Biznes bilan shug‘ullanishni boshladim. Loyihalar bilan ishlashga kirishdim.

KA: Ayni o‘sha kunlarda Prezident matbuot kotibligiga vakansiya ochiq turgan edi. Menga taklif bilan qo‘ng‘iroq qila boshlashdi va men: “Yo‘q, qo‘ysangizchi”, deb javob qaytardim. Men o‘shanda “Davlat xizmatiga boshqa qaytmayman, deb o‘zimga o‘zim so‘z berganman”, deb javob qaytardim.

Men shu yirik loyihalardan so‘ng tog‘da, dam olishda edim. Va menga qo‘ng‘iroq qilib, “Seni shunchaki taklif qilishmayapti, seni matbuot kotibligiga tayinlab bo‘lishdi”, deyishdi.

Men hayron bo‘ldim:

— Qanday qilib?

— Sen shu yerda kerak ekansan.

— Agar bu topshiriq davlat rahbari tomonidan berilgan bo‘lsa, men bajonidil qabul qilaman, dedim. Albatta, bu lahzalar mening davlat xizmatlarida adolatsizlik yoki faqat tanish-bilish orqali o‘sish mumkin degan fikrlarimni o‘zgartirib yubordi. Shunday qilib, hammasi o‘zgardi.

J: Prezident matbuot xizmati siz rahbarlik qilganda yaxshi tomonga o‘zgardi. Buni tan olish kerak. Ishlarni yo‘lga qo‘yish qay darajada qiyinchilik tug‘dirdi? Qanday qarshiliklarga duch keldingiz?

KA: Albatta duch kelganman. Hammasini noldan boshlash kerak edi. Mendan oldingi hamkasblarimdan hech bir ahamiyatli narsa yo‘q edi. Iqtidorli bolalar bor ediki, ularni qo‘llab-quvvatlash va imkoniyatlarini yuzaga chiqarish zarur edi. Matbuot xizmatiga kelganimda menga hamma xodimlarni “tozalash” va o‘zgartirish kerakligini aytishdi. Men: “Shoshmang, siz ularga o‘zini ko‘rsatishga imkon berdingizmi? Imkoniyat berib ko‘raylik. Uddalasa uddaladi. Agar uddalay olmasa, istalgan vaqtda o‘zgartirish mumkin”, dedim. Shunday qilib, biz mexanizmni yo‘lga qo‘yishga, ya’ni ishlab chiqarish aylanmasi, kontentni shakllantirish, rahbar bilan ko‘rishishni ta’minlashga qattiq harakat qildik. Albatta, juda qiyin bo‘ldi. Qiyinchilik hamma vaqt va hamma yoqda bo‘ladi.

Asosiysi, hammasi rahbaringizga bog‘liq. Agar rahbaring buni xohlasa, senga hamma sharoitni yaratib beradi. Agar rahbaring istamasa, qanchalik urinma, hech narsaga erishmaysan. Mening baxtimga, yurtboshimiz menga yordam berdilar, qo‘llab-quvvatladilar va tavsiyalar berganimda quloq tutdilar. Ya’ni, biz bu tandemga ega edik va ushbu tandem sabab biz turli muvaffaqiyatlarga erishdik.

J: Siz Prezident bilan qancha muddatda ko‘rishib turar edingiz?

KA: Deyarli har kuni.

J: Siz Prezidentning odatiy ish kuni nimalardan iboratligini aytib bera olasizmi?

KA: Ertalab soat 9-9:30 da ish boshlanadi va qachon tugashi noma’lum. Biz doim: “O‘zingizni ehtiyot qiling, juda ko‘p ishlayapsiz”, deb ko‘p aytardik. Masalan, har tong — biz yurtboshimiz uchun tayyorlagan turli ma’lumotlar, qabullar va jadval bo‘yicha tadbir bor bo‘lsa, tadbir bilan, uchrashuv bo‘lsa, uchrashuv daydjesti bilan boshlanardi. Kun shu ishlar bilan davom etardi va biz uyga juda kech qaytardik, dam olish kunlarisiz ishlardik.

J: Nega dam olish kunlarisiz?

KA: Menimcha, yig‘ilib qolgan muammolar tinchlik va bo‘shashishga imkon bermasdi.

J: Bu savol energiya bilan bog‘liq. Darhaqiqat, hammani Prezidentning bunchalar serg‘ayrat inson ekanliklari hayratlantiradi. Sizningcha, ular buncha g‘ayratni qayerdan oladilar?

KA: Bu, ehtimol mamlakatni yaxshi tomonga o‘zgartirishga bo‘lgan kuchli istak bilan bog‘liq bo‘lsa kerak. To‘planib qolgan muammolar va ularni hal qilish, mamlakatimizni yangi bosqichlarga olib chiqish istagi yurtboshimizga tinchlik bermaydi va ulkan g‘ayrat bag‘ishlaydi. Biz ularning ortlaridan ulgurolmasdik. Prezidentimizdan yosh bo‘lsam-da. Juda qattiq charchadim. Yurtboshimiz shu qadar g‘ayratlilarki, menga o‘xshaganlarning 10 tasi yarim yo‘lda qolib ketadi. Ayniqsa, viloyatlarga safarga borganda. Soat 8:30 da aeroportda bo‘lishimiz kerak edi. Buning uchun soat 6:30-7:00 da uyg‘onish zarur. Yarim soat ichida biz, 8:30 da — Prezident kelardi. Samolyotga o‘tirib uchamiz. Samolyotdan tushishimiz bilan kortejga o‘tiramiz va qilinadigan ishlarning rejali dasturi juda zich tuzilgan bo‘ladi. Dasturdagi ishlar ko‘lamini kamaytirish mumkin, biroq Prezidentimiz hatto yo‘lda o‘tgan har bir daqiqamiz samarali foydalanishni talab qiladilar. Siz tasavvur qilolmaysiz, biz hatto suv yoki choy ichmaymiz, ovqatlanmaymiz, dam olmaymiz — trapdan tushishimizdan, ob’yektlarga borishni boshlagandan to tunggi 12 gacha ishlarni tugatmagunimizcha.

Buni tasavvur qila olasizmi? Biz holdan toyamiz, Prezidentimiz esa hali tetik. Prezidentimiz xalqimiz bilan muloqot qilganda odamlarning muhabbatlari va qo‘llab-quvvatlashlarini his qilib, kuchga to‘lsalar kerak. Bu esa ishlashga rag‘bat beradi. Ob’yektlarga borib kelgandan so‘ng, 3-4 soat davom etadigan yig‘ilish boshlanadi. Unda muhim va dolzarb masalalar hal qilinadi. Tunggi soat 12 da majlisdan chiqamiz, charchaganmiz va Prezident esa tetik holda 10-15 daqiqa tamaddi qilib, televizor orqali yangiliklarni kuzatadilar, matbuotni o‘qiydilar. Mana shunday aqlbovar qilmas rejim.

J: Aytishlaricha, Prezidentning stoli ustida, buni siz ham bir necha bor ta’kidladingiz, dayjest turadi. Avval bu bitta jild bo‘lgan bo‘lsa, hozirda mening bilishim bo‘yicha, bir nechta jild. Va ko‘pchilik turli sabablar bilan shu jildlar ichida o‘zining masalasi bo‘lishini istaydi. Uning ichida juda ko‘p materiallar jamlanadi. Bularning orasida ma’lum manfaatlar to‘qnashuvi kelib chiqishi mumkin: kim, nima, qanday qilib shu jild ichiga kiritiladi?

KA: Ya’ni, siz bular qanday ajratib olinishini so‘ramoqchisiz?

J: Ha.

KA: Ma’lumotlar “tozalanmaydi” — men sizga sababini tushuntiraman. Rahbar bir nechta ma’lumot manbalariga ega. Agar bitta jamoa axborotni filtrlab, qisqartirib taqdim etsa, boshqa jamoa baribir bu haqida ma’lumot yetkazadi. Ko‘ryapsizmi, shu sabab kimningdir boshida kaltak sinishi mumkin. Shuning uchun, kun davomidagi yangilik va ma’lumotlar, to‘liq mazmunda bo‘lmasa-da, qisqartirilib, asosiy mavzusi bilan beriladi. Faktlar albatta bayon etiladi. Uni filtrlash mumkin emas. Chunki rahbarda axborot olish imkoniyatlari juda ko‘p, jumladan, internet orqali ham.

Ehtimol, ilgari filtrlash mumkin bo‘lgandir, chunki internet, saytlar deyarli bo‘lmagan, faqat gazetalar bo‘lgan. Ularni esa kesish va faqat kerakli materialni berish mumkin bo‘lgan.

Endi esa yashira olmaysiz.

J: Meni doim bir savol qiziqtirgan. Prezidentning mobil telefoni bormi?

KA: Bor.

J: U telefondan foydalanadimi? Odamlar unga qo‘ng‘iroq qilishadimi?

KA: Men buni aniq bilmayman, lekin bir-ikki marta mobil telefon orqali gaplashganini ko‘rganman.