Kompyuterdan foydalanayotganingizda Al-Xorazmiyni eslab qo‘ying

XXI asrda ilm-fan, texnika, tibbiyot, astronomiya, aerodinamika kabi ko‘plab sohalar jadal rivojlanmoqda. Bugun kompyuter, televizor, telefon (smartfon) kabi zamonaviy texnikalardan keng ko‘lamda foydalanish imkoniyatiga egamiz. Ilmiy tadqiqotlar, yangi texnologiyalar, tibbiyot sohasidagi, koinotni o‘rganish kabi turli yo‘nalishlardagi hozirgi davrdagi kashfiyotlar birinchi navbatda, G‘arb va Sharqiy Osiyo mamlakatlari (Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy) tomonidan amalga oshirilayotganiga ko‘nikib ham qoldik.

Bugun biz yuqorida keltirilgan ilm-fan taraqqiyoti asoschilari bo‘lgan islom olimlari to‘g‘risida to‘xtalib o‘tamiz. Zero ularning dunyo tamadduni oldidagi xizmatlari beqiyos.

Al-Xorazmiy (783 – 850)

Al-Xorazmiy mubolag‘asiz algebra fanining asoschisi deb yuritiladi. Aynan u ilk marotaba nol (0) raqamini ishlatgan. Buyuk ajdodimiz algoritmlar nazariyasini ishlab chiqqan. Biz har kuni turli amallarni bajaradigan kompyuter va smartfonlar aynan Al-Xorazmiy ishlab chiqqan algoritmlar nazariyasi tamoyillari asosida ishlaydi. “Algebra” (Al jabr) va “Algoritm” atamalari ham Al-Xorazmiy nomi bilan bevosita bog‘liq. “Algoritm” atamasi, dastlab lotincha “Dixit Algorizmi” ma’nosida keltirilgan. Keyinchalik “Dixit” muomaladan chiqib ketgan va “Algorizmi” iborasining o‘zi qolgan. Vaqt o‘tishi bilan “Algorizmi” iborasi “Algoritm” atamasiga aylangan.

Летательный аппарат

Al-Xorazmiy tadqiqotlari arab tilidan lotin tiliga, so‘ng Yevropaning boshqa tillariga tarjima qilingan va ilm-fan rivoji yo‘lida keng qo‘llanilgan.

Ibn Fernanas

Ilk bora osmonga parvoz qilgan inson, andalusiyalik (Ispaniya) Ibn Firnanas bo‘lgan. U 880 yilda uchar uskuna ixtiro qilgan. Ibn Fernanas uskunasi qattiq mato va qushlarning patidan yasalgan bo‘lib, uning yordamida insoniyat tarixida ilk bor ko‘kka parvoz amalga oshirilgan. Ma’lum vaqt davom etgan parvozdan so‘ng Fernanas yerga qaytib qo‘ngan.

Al-Farg‘oniy (798 – 861)

Yana bir buyuk ajdodimiz Al-Farg‘oniy birinchi bo‘lib Yerning shakli yumaloq ekanligini, yilda eng uzun va eng kalta kunlar borligini va ular 22 iyun va 23 dekabrga to‘g‘ri kelishini matematik tadqiqotlari asosida isbotlab berdi. Shuningdek, u quyoshning yuzida qora dog‘lar borligini aniqlagan va 832 yilda quyosh tutilishini aniq (ilmiy) bashorat qila olgan. Qomusiy olim Al-Farg‘oniy tomonidan yozib qoldirilgan ilmiy ishlar, insoniyat tomonidan 700 yildan ortiqroq vaqt mobaynida ilmiy qo‘llanma sifatida foydalanib kelingan.

Al-Forobiy (873 – 950)

Yunon falsafasini chuqur bilgani, unga sharhlar bitganligi va jahonga targ‘ib qilgani hamda zamonasining yetuk olimi bo‘lib, fanlar rivojiga o‘lkan hissa qo‘shgani uchun Al-Forobiy “Muallim as-soniy” (“Ikkinchi muallim”, Aristoteldan keyin), “Sharq Aristoteli” nomlariga sazovor bo‘lgan. O‘zbekiston zaminida dunyoga kelgan buyuk qomusiy olim, ilk o‘rta asrda, Sharq uyg‘onishi davrida ijod qildi.

Forobiy asarlari arabchadan Yevropa tillariga tarjima qilinib, Aristotel ta’limotini dunyo olimlari uchun keng ko‘lamda ochib berdi. Yevropa o‘rta asr davrida yo‘q qilingan, qadimiy yunonda bitilgan asarlar Forobiyning bitiklari tufayli Yevropa o‘yg‘onish davrida qayta tiklandi va o‘rganildi. 

Aka-uka Muhammad Ahmad va al-Hasan ibn Musolar (IX asr)

Ular arab xalifaligining yetuk olimlari bo‘lishgan. Ular geometriya, astronomiya va mexanika sohaslarida izlanishlar olib borganlar. Ularning ixitrolari orasida favvora, mexanik soat va ichimlik quyishga mo‘ljallangan uskunalar mavjud. Aka-ukalar, choy uzatishga moslashtirilgan dastlabki robot-avtomatni ixtiro qilishgan. Ularning ixtirolari asosida ovozni tasmaga yozib olish asoslari yaratilgan. Og‘a-inilar kashf etgan uskunalar o‘rta asr muhandisligining eng yuqori cho‘qqisi hisoblanadi.

Az-Zaxravi (Albukasis, 936 – 1013)

O‘rta asrning yetuk jarrohi. U tibbiyot sohasiga hissa qo‘shgan. Az-Zaxravi tibbiyotga ko‘z kataraktasini jarrohlik yo‘li bilan olib tashlash amaliyotini kiritgan. Katarakta atamasi ham aynan Az-Zaxraviga tegishli. Shu bilan birga, Zaxravi 150 dan ortiq jarrohlik uskunalarining muallifi hisoblanadi. U yozgan ilmiy asarlar Yevropa davlatlari jarrohlari tomonidan besh asrdan ortiq vaqt davomida asosiy qo‘llanma sifatida foydalanilgan.

Abu Rayhon Beruniy (973 – 1048)

Tarix, geografiya, filologiya, astronomiya, matematika, mexanika, geodeziya, minerologiya, farmokologiya, geologiya va boshqa sohalarda keng ko‘lamda izlanishlar olib borgan qomusiy olim.

Beruniy o‘zi kashf qilgan qiymatlar bo‘yicha o‘ziga xos usul bilan Yer kurrasi radiusining uzunligi 12803337.036 gaz (6315.886 kilometr)ga teng ekanligini hisoblab chiqqan. Keltirilgan raqamlar zamonaviy texnologiyalar asosida olingan qiymatdan juda kam farq qiladi, ya’ni xatolik radius uzunligining 0,9 foizini tashkil etadi. Bundan tashqari, Beruniy 320001 gaga teng kenglikdagi (Pokistonning Nandna qo‘rg‘oni kengligi) bir gradus meridian yoyning uzunligi 223550.329 gaz yoki 110.277 kilometr ekanini hisoblab chiqadi.

Keltirilgan ushbu raqamni ham zamonaviy texnologiyalar bilan aniqlangan bir yoyning qiymati 110.885 kilometr ekanligi bilan taqqoslanganda, bundan ming yil ilgari Beruniy bir gradus yoy uzunligini hisoblashda atigi 618 metr xatolikka yo‘l qo‘ygani ma’lum bo‘ladi.

Buyuk ajdodimiz tomonidan ishlab chiqilgan Yer kurrasi maydonini hisoblash nazariyasi Yevropa davlatlarida “Beruniy qonuni” deb ataladi.

Ibn al-Xaysam (965 – 1039)

Мусульманские учёные

Optika asoschisi. U shishadan ikki tomonlama bo‘rtib chiqqan linza yasadi va keksa insonlarga kitob o‘qiyotgan vaqtda ushbu linzadan   foydalanishni tavsiya qildi. Bu ko‘zoynakning birinchi namunasi edi. U tomonidan yozilgan “Kitab al-Manazir” (“Optika to‘g‘risida risola”) kitobi Yevropa va Sharq mamlakatlari uchun optika sohasida 600 yil davomida asosiy qo‘llanma vazifasini bajardi.

Abu Ali Ibn Sino (Avitsenna) (980 – 1037)

O‘rta asr Sharqining eng yirik qomusiy olimlaridan biri. Qadimiy tabobat ilmida misli ko‘rilmagan yutuqqa erishgan va meditsina rivojiga Ibn Sinochalik hissa qo‘shgan olim bo‘lmasa kerak. Ibn Sino o‘zining “Tib qonunlari” (“Kitab al-Qonun fi-t-tib”) kitobida ilk marta kasalliklarni ko‘zga ko‘rinmas organizmlar keltirib chiqarishi haqida bayon etgan.

“Meditsina” atamasi Ibn Sino nomi bilan bog‘liq, ya’ni “Madadi Sino” (Sinodan madad) iborasidan olingan.

Oradan 500 yil o‘tib, uning ilmiy ishlarini Leonardo da Vinchi kabi Yevropaning buyuk olimlari o‘rgangan va amalda qo‘llagan. “Tib qonunlari” asaridan Bryussel universitetida 1909 yilgacha foydalanilgan.

Mirzo Ulug‘bek (1394 – 1499)

Buyuk astronom va matematik, o‘z davrining atoqli allomasi, Movarounnahr hukmdori va Amir Temur nabirasi. O‘rta asr davrining eng yetuk astronom olimi. Ulug‘bek Samarqandda o‘z davrining eng zamonaviy rasadxonasini qurdirgan. Buyuk astronom Ulug‘bek rahbarligi va ishtirokida “Ziji Ko‘ragoniy”, “Ulug‘bekning yulduzlar jadvali” asarlari yozilgan. Samarqand rasadxonasida 1018 ta yulduzlar joylashuvi aqlbovar qilmas aniqlikda belgilangan. Ulug‘bek 1437 yilda astronomik yil uzunligini aniqlaydi: 365 kun 6 soat 10 daqiqa 8 soniya. Zamonaviy texnologiyalar astronomning +58 soniyaga adashganini ko‘rsatdi.

Ulug‘bek rahbarligida yozilgan ilmiy asarlar uzoq yillar davomida Yevropa observatoriyalarida qo‘llanma vazifasini bajarib kelgan. U tuzgan jadvallar o‘ta aniqlikda yozilgan bo‘lib, hozirgi kunda ham zamonaviy texnologiyalar yordamida olingan ma’lumotlardan atigi bir necha soniya farq qiladi.

Abbos Vasim Efendi (1689 – 1760)

Turkiyalik astronom, shifokor va shoir. U birinchi bo‘lib sil xastaligi mikrobini aniqlagan.

Bekzod MUSURMONOV tayyorladi.