Ko‘nikishga ko‘nikmang

... Sharofat momom bir kuni xamir qorishdan oldin “Bolam, bor, Nurbibi ammangdan ozroq xamirturush olib kel”, dedi. Men "Onajon, xamirturush o‘zimizda bor-ku, o‘tgan safar chit lattaga o‘rab bergandingiz, ana, savatning ostida turibdi", dedim.

– U xamirturush eski bo‘ldi, endi yangilashimiz kerak, - dedi momom. Men esa “Xamirturush ham eskiradimi, bir xil turibdi-ku”, dedim ammamnikiga borishga erinib.

– Ha, bolam, xamirturush ham eskiradi, o‘zimizniki eskirdi, endi boshqa xamirda ishlatilganidan foydalansak, nonimiz mazali bo‘ladi, – dedi.

Ochig‘i, oddiy ayol – momom aytgan ana shu tushuncha ma’nisini yoshim ulg‘aygani sari anglab boryapman.

Ko‘nikma, odat, refleks haqida ma’lumot berishning hojati yo‘q. Negaki, bu haqda bizda bolalar bog‘chasidan boshlab o‘qitiladi. Ammo "Qush uyasida ko‘rganini qiladi" degan ishora faqat polaponlargagina tegishli emas, chunki ko‘nikmalar faqat oilada shakllanmaydi. Inson ulg‘aygan, shaxs sifatida shakllangan sari ko‘nikma va odatlari ham uning hayotiga kuchliroq ta’sir o‘tkaza boshlaydi. Misol uchun, bolaligida urushqoq yoxud o‘jar bolalar katta yoshga yetganda o‘sha fe’l yoki harakati uchun kechirim so‘rab, otasidan dakki eshitib, qutulib keta olmaydi. Demak, hayotdagi har bir ko‘nikma o‘zgarishga majbur. Lekin bu oson ish yoki tez bo‘ladigan jarayon emas. Ko‘nikmani o‘zgartiradigan katta kuch, jasorat kerak.

 Fikrimning isboti uchun bitta hayotiy misol keltiraman. Aniqrog‘i, to‘y masalasini.

 To‘ylarimiz qanaqa ahvolga kelganini aytib o‘tirmay, buni hamma biladi. Chunki biz milliy qadriyatdan biznesga aylanib ulgurgan to‘y-hashamga ko‘nikib ulgurdik. Hatto, xorijda ham hashamatli to‘ylar qilyapmiz, bor-yo‘g‘imizni, mehnat qilib topgan mablag‘imizni bir kunda, bir oqshomda havoga sovuryapmiz, eng yomoni, ana shu ishimizdan zavqlanyapmiz. Kutubxona, bolalar bog‘chasi o‘rniga har bir ko‘chada hashamdor to‘yxona qurishga odatlandik. Albatta, fikrimni inkor etolmaysiz, chunki bu jarayon hammamizning ko‘z o‘ngimizda sodir bo‘lyapti. Vaziyat shu darajaga yetdiki, biz "to‘yni ixchamroq qiling" deydigan odamni dushmandek ko‘ra boshladik.

Vaholanki, hukumat ham, jamoatchilik ham to‘y-marosimlardagi isrofgarchilik va dabdababozlikni kamaytirishga chorlayapti, bu yuzasidan turli hujjatlar qabul qilinyapti. Xo‘sh, nima o‘zgaryapti? Hech narsa. Aksincha, bu borada kim o‘zari poygasi avj olyapti. Sababi - biz ko‘nikmadan voz kecha olmayapmiz. Hatto rahbarlar, taniqli ziyolilar ham bu "an’ana"ga qo‘shilib ketyapti.

  Har qanday qonun xalq tomonidan uning saviyasi, mentaliteti darajasida qabul qilinadi. Aytmoqchimanki, ko‘nikma qonundan ustuvor. Misol uchun, birovga salom berish, ustozni hurmat qilish shu paytgacha birorta qonunda belgilanmagan, ammo bizda bu ko‘nikmaga aylangan. Hayot tajribasi shuni ko‘rsatyaptiki, ayrim ko‘nikmalar ishtiyoqi odamlarni gohida qonun va normalarni ham chetlab o‘tishga majbur qilyapti.

Bunga ham misolim yo‘q emas. Hozir yerlar auksion orqali sotilyapti, biroq ma’lum maydonni auksionsiz olib beraman, degan odamlar qo‘lga tushyapti. Maqsadli kreditlar aniq manzilga, shaxsga yo‘naltirilgan, lekin OAVda bu kreditlar bank xodimlari tomonidan o‘zlashtirilgani haqida o‘qiyapmiz.

– Illatga aylangan ko‘nikmalarni sindirish oliy ta’limda juda og‘ir kechyapti, - deydi SamDU rektori Rustam Xolmurodov. – O‘zini alloma sanagan ayrim olimlar kafedralarning "yalovbardori"ga aylanishgan, hech kim ularning maylisiz ilm qila olmaydi. O‘z vaqtida salohiyatga ega bo‘lgan bitta olim fikri kafedraning nuqtai nazariga aylangan. Ayrimlari farzandu qarindoshlarini ham yoniga olgan, ular istagan iqtidorni sindirishadi. Ilmda ham, odamgarchilikda ham o‘rtamiyon bunday kishilardan voz kechish payti keldi. Fanda, ilmiy tadqiqotda endi joy zamonaviy bilimga, raqobatbardosh qarashlarga ega, dunyo olimlari bilan bellasha oladigan iqtidorlarniki bo‘lishi shart. Aks holda, biz oliy ta’limda keskin o‘zgarish qila olmaymiz.

 Domla aytmoqchiki, ilm-fanda xamirturushni yangilash zarur. Ilmiy tilda buni fan va ta’lim genofondini yangilash, deyishadi.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, bizda qonunchilikda va davlat boshqaruvi tizimida eski, yaroqsiz ko‘nikmalardan voz kechish uchun kerakli asoslar yaratilgan. Binobarin, konvertatsiyaning ochilishi, har bir tadbirkor, hatto fermerga o‘z mahsulotini eksport qilish huquqining berilishi, davlat xizmatlari joriy etilishi, “open byudjet” jarayoni, dastur va loyihalarning umumxalq muhokamalari, auksionlar juda ko‘p sohada nuqtai nazarimizni o‘zgartira oldi. Ijtimoiy tarmoqlardagi murojaat va signallarga e’tibor ham ko‘plab salbiy ko‘nikmalardan qutulishimizga imkon yaratdi. Buni nafaqat xalqimiz o‘z hayotida sezyapti, hatto xalqaro miqyosda e’tirof etilmoqda.

Jamiyat uchun eng xavfli ko‘nikma bu boqimandalik va loqaydlik kayfiyatidir. Bunday illatga ko‘nikish har bir taqdir uchun qimmatga tushadi.

  Ommaning o‘zida bunday holatlarga qarshi nafrat uyg‘onmaguncha ularni bartaraf etish mushkul. Kamina Xitoy va Hindistonda aholining mehnatga munosabatini ko‘rganimdan so‘ng bunga yana bir karra ishonch hosil qildim. Ishlamaydigan, ishlashni istamaydigan insonga hech kim, hatto davlat ham yordam bermaydi. Buning ustiga daromad topmoqchi bo‘lgan odam ish tanlamaydi.

  Inson hamisha harakatda bo‘lmog‘i lozim: shuhratga, obro‘ga ko‘nikish ham, ojizlik yoki harakatsizlikka ko‘nikish ham kishiga bir xil zarar yetkazadi.

  Xo‘sh, biz hozirgi kunlarda qanday ko‘nikmalardan voz kechishimiz lozim?

 Bu savolga javob topish uchun siyosatshunos Qudratulla Rafiqovning "Ishonch" gazetasida chop etilgan "Shavkat Mirziyoyev: Men umrimni shu xalqqa tikkanman!" sarlavhali maqolasini o‘qishni tavsiya etaman. Negaki, davlatimiz rahbari bugungi taraqqiyotga to‘g‘anoq bo‘layotgan juda ko‘plab illatlar va ko‘nikmalardan voz kechishda, davr talabiga mos faoliyat ko‘rsatishda barchamizga ibrat ko‘rsatayotir.

  Allomalarimiz "Birni ko‘rib fikr qil, birni ko‘rib shukr qil" yoki "Hikmat izlaganga hikmatdir dunyo", deb bejiz aytmagan. Darvoqe, bugun eshigimizni dunyoga ochganmiz, bizga kelishyapti, biz boryapmiz. Ana shu tashriflar samarasiz ketmasligi, dunyodan ibrat olishni o‘rganishimiz, ilg‘or tajriba va ko‘nikmalarni o‘zlashtirishimiz zarur. Hayot haqiqati shuni ko‘rsatyaptiki, aynan shu yo‘lni tutgan, turmushga, ishga nuqtai nazarini to‘g‘ri shakllantirgan davlatlar ahli bugun taraqqiyotga yuz tutgan. Demak, biz ham hech kimdan kam emasligimizni isbotlashimiz mavridi keldi.

Farmon TOShEV,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist.