Konstitutsiya ijrosini to‘liq ta’minlash davlat organlarining birinchi navbatdagi ustuvor vazifasi

Bugun, 13 sentyabr kuni Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Samarqand viloyati filiali tashabbusi va viloyat hokimligi hamda Adliya boshqarmasi hamkorligida viloyatdagi o‘rta va quyi bo‘g‘in davlat xizmatchilari uchun o‘quv-seminari tashkil etildi.

 Seminarda aytilganidek, Konstitutsiya ijrosini to‘liq ta’minlash barcha darajadagi davlat organlari va tashkilotlarining birinchi navbatdagi ustuvor vazifasidir.

Shu maqsadda belgilangan chora-tadbirlar dasturiga ko‘ra, davlat fuqarolik xizmati hamda sud-huquq tizimi xodimlarining yangi konstitutsiyaviy talablarga rioya etish borasidagi bilim va malakasini oshirish uchun 3-bosqichli dastur tashkil qilindi.

Maqsad — boshqaruvda konstitutsiyaviy normalarning ijrosini to‘liq ta’minlash, ularni davlat xizmatchisining har kunlik faoliyatiga tatbiq etish, pirovardida "inson qadri" tamoyili asosida xalqqa xizmat ko‘rsatishning sifat darajasini oshirishga erishish.

Dasturning birinchi bosqichi ijrosini ta’minlash maqsadida Samarqand viloyatidagi boshqarma va idoralar, mahalliy davlat hokimliklari, shuningdek, mahallalardagi jami 3500 nafardan ziyod davlat fuqarolik xizmatchilari ishtirokida – Yangi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining mazmun-mohiyatini tushuntirish yuzasidan alohida grafik asosida o‘quv-seminari o‘tkazildi.

O‘quv-seminarga Toshkent davlat yuridik universitetidan tajribali huquqshunos ekspertlar guruhi taklif etildi.

Seminar dasturiga muvofiq davlat xizmatchilariga 2023 yil 30 aprel kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi referendumida umumxalq ovoz berish orqali qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ijrosini so‘zsiz ta’minlash yuzasidan vazirlik va idoralarda amalga oshiriladigan birinchi navbatdagi ustuvor vazifalar, Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi asosiy prinsiplari, inson va fuqaroning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari hamda jamiyat va shaxs masalalari, Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat hokimiyatining tashkil etilishi hamda saylov tizimidagi fundamental vazifalar to‘g‘risidagi muhim yo‘nalishdagi ma’ruza va taqdimotlar qilindi.

Ra’no Umarova,

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi viloyat filiali bosh inspektori.