Konstitutsiyani kim yaxshi biladi?

42-moddada har kimga ilmiy va texnikaviy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlangan. Bu imkoniyat tufayli ilmiy tadqiqotlar qilib, ixtirolar yaratishimiz mumkin.

Biz kabi voyaga yetmaganlarning, shuningdek, mehnatga layoqatsizlar va yolg‘iz keksalarning huquqlari davlat himoyasida ekani Bosh qomusimizning 45-moddasida yozib qo‘yilgan...

Samarqand shahridagi 67-umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi Mehribon Shavkatova “Konstitutsiya – baxtimiz poydevori” tanlovining viloyat bosqichida yozgan inshosida ana shunday fikrlarni bayon etgan.

Umuman, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda tanlovning tuman va shahar bosqichlarida g‘olib bo‘lgan 64 nafar o‘quvchi Konstitutsiya haqidagi bilimi, unda belgilangan qoidalarni nechog‘li puxta o‘rganganini sermazmun insho va chizgan rasmlarida ifodalashga harakat qildi. Bu borada ayniqsa, Samarqand shahri, Kattaqo‘rg‘on, Ishtixon, Nurobod, Samarqand va Jomboy tumanlari o‘quvchilari faol va bilimdonligi bilan tengdoshlaridan ajralib turdi.

Tanlov yakuniga ko‘ra, Mehribon Shavkatova Konstitutsiya mazmun-mohiyatini inshoda eng yaxshi ifodalagani uchun birinchi o‘ringa munosib, deb topildi. Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 39-umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi Mahmud Safarov esa Bosh qomusimizda ifoda etilgan eng yaxshi tasviriy vositalar yo‘nalishida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Bu ikki o‘quvchi endi tanlovning mamlakat bosqichida Samarqand viloyati sharafini himoya qiladi.